Bugun, 5 may kuni Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida kamondan otish sport turi bo‘yicha davom etayotgan Osiyo kubogining 2-bosqichi yakunlanadi.

Osiyoning 13 davlatidan 100 nafar sportchi ishtirok etgan bir haftalik qizg‘in bahslar sarhisobiga ko‘ra, barcha yo‘nalishlarda medallar uchun kurash olib boradigan sportchilar nomi ma’lum bo‘ldi.

Chempionatning ilk dasturlarida qatnashgan 8 nafar sportchimiz 4 yo‘nalishda bronza medallari uchun kurashish imkoniyatiga ega chiqdi.

Yarim finalda imkoniyatni boy bergan O‘zbekiston milliy terma jamoasining erkaklar, ayollar va mikst guruhi hamda yakkalik bellashuvda Ziyodaxon Abdusattorova bugun belgilangan dasturda shohsupaga ko‘tarilish uchun maydonga chiqadi.

Bronza medali uchun kurashadigan erkaklar jamoasi Qozog‘iston, ayollar jamoasi Gruziya, mikst yo‘nalishida Xitoy vakillari bilan bahslashsa, mahoratli sportchimiz Ziyodaxon Abdusattorova xitoylik Siaoleyi Yan bilan 3-o‘rin masalasini hal etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA