Kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati birinchi kuni shiddatli va hayajonli bahslar, kutilgan va kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi.

Azaliy g‘oliblar nomi ham bugun o‘rin almashdi. O‘z tarixida ilk bor yirik kurash chempionatiga mezbonlik qilayotgan xitoyliklar kurashda o‘z so‘zini aytdi. Nafaqat, tashkiliy jihatdan zo‘r balki kuchli jamoa bilan oltin medallar jamg‘arishda ham yetakchilik qilmoqda.

Bahslar yakuni  bo‘yicha Xitoy va O‘zbekiston kurashchilari 3 tadan oltin medalga ega chiqishdi. Eron va Xitoy taypeyiliklar hisobida esa bittadan oltin medal.

Besh karra Jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari va ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi Muhsin Hisomiddinov medallar kolleksiyasini 2 bora Osiyo chempionati oltin medali bilan to‘ldiradigan bo‘ldi.

U 2018 yil Hindistonning Puna shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ham g‘olib bo‘lgan edi.

Kurash musobaqalari tarixida ilk bor Qirg‘iziston jamoasi 1 kumush 2 bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Filippin, qozog‘istonlik kurashchilar ham bittadan kumush medalga ega chiqdi.

Bugun 29 aprel kuni 7 vazn toifasida bahslar bo‘lib o‘tadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA