Xitoyning Xanchjou shahrida milliy sport turimiz kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tadigan XII Osiyo chempionati doirasida murabbiylar va hakamlarning xalqaro seminari boshlandi.
Seminarning ochilish marosimida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo olimpiya kengashi, Osiyo o‘yinlari bosh direktori Haydar Farmon, Xanchjou Linpu shahri hokimi Vang Xin, 19-Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi rahbarlari, IKA rasmiylari, Milliy federatsiyalarning vakillari ishtirok etdi.
Mutasaddilar qit’a chempionatini o‘tkazish borasida tashkiliy qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berib, har bir sportning nufuzini belgilashda murabbiy va hakamlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etishini e’tirof etdi. O‘tkazilayotgan seminar kurashning nafaqat Xitoydagi rivojida, balki jahon maydonlarida yanada ommalashishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Xalqaro kurash seminarlarida ishtirok etayotgan 80 dan ortiq mutaxassis kunning birinchi yarmida nazariy mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Ertaga, 27 aprel kuni qit’a chempionatining asosiy bahslar boshlanadi. Musobaqalar yakunida hakamlik va murabbiylik imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan mutaxassislar sertifikat hamda litsenziyalar bilan taqdirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tadigan musobaqalarda 24 ta davlatdan 200 dan ortiq sportchi ishtirok etishga hozirlik ko‘rmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA