O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Ilhom Aliyevni kuni kecha bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon Prezidenti saylovida ishonchli g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.

Saylov natijalari qardosh ozarbayjon xalqi Ilhom Aliyevni keng qo‘llab-quvvatlashi va unga ulkan ishonch bildirishini, davlat rahbarining shaxsiy xizmatlari hamda mamlakatda barqarorlikni, izchil iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan samarali siyosatni yuksak baholashini yana bir bor namoyon etgani alohida ta’kidlandi.

Ko‘p asrlik do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. Xalqlarimizning tarixi, madaniyati va dini umumiy, ma’naviy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlari mushtarak.

Turli darajadagi faol muloqotlar ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirib, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi barqaror yuksak sur’atlar bilan o‘smoqda, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, neft-gaz majmuida istiqbolli kooperatsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Yangi «Boku – Tbilisi – Axalkalaki – Kars» temir yo‘l magistrali, shubhasiz, butun mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda, qo‘shma tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.

Davlatlar rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston – Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorligi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etdi.

Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbariga samimiy tabrik va ezgu tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonga tashrif bilan kelish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.

 

O‘zA