Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida dronlar yordamida fuqarolarning tomorqa yerlari holati nazorat qilinmoqda va olingan tasvirlar ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda muhokama qilinayotir.

Kuyukko‘pir ovuli hududida dron orqali o‘rganishlar davomida aholining aksariyat qismi aprel oyining boshidayoq tomorqaga ekin ekish ishlarini yakunlagani aniqlandi. Ammo ba’zi tomorqa yerlari hamon ekilmasdan qolmoqda. Shunday oilalar ham borki, turli bahonalarni ro‘kach qilib, tomorqasini qarovsiz qoldirgan holda, oziq-ovqat mahsulotlarini bozordan xarid qilishga o‘rganib qolgan.

Vaholanki, ular bilan yonma-yon yashayotgan qo‘shnilari xuddi shunday tuproq va iqlim sharoitida tomorqada ro‘zg‘or uchun zarur barcha oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirmoqda. Yana bir toifa kishilar bor, ishyoqmas va dangasaligi sabab uy oldidagi oltinga teng yerda chorva uchun ekin yoki beda yetishtirishni afzal biladi. Bunday xonadon egalariga tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va davlat soliq qo‘mitasining ogohlantirish xatlari taqdim qilinmoqda.

Shuningdek, tumanda deputatlar, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda jamoat tashkilotlari xodimlari xonadonma-xonadon yurib, yerdan foydalanish samaradorligi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda.

Xalq deputatlari tuman Kengashining qarori bilan tuzilgan g‘alla hosildorligi va tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ishchi guruhi a’zolari, tuman Kengashi deputatlari va mahalla faollari ham yerni o‘z holiga tashlab qo‘ygan yoki undan samarali foydalanmayotgan xonadonlarda bo‘lib, tushuntirish ishlari olib borayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 martdagi “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tomorqa yer uchastkalarida belgilangan ekin turlari, mevali va manzarali daraxtlar ekilmagani, chorva mollari sotib olinmagani, issiqxona barpo etilmagani, jumladan, yer uchastkasi obodonlashtirilmagani aniqlansa, tomorqa yer egasidan joriy yil uchun yer solig‘ining uch barobar oshirilgan qiymati undiriladi. Dehqon xo‘jaliklariga nisbatan esa yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

 

Anvar Nasirlayev, O‘zA