Nukus shahrida xizmat ko‘rsatayotgan 9 oilaviy va 1 ko‘p tarmoqli poliklinikada markazlashgan ma’lumotlar bazasi, elektron ambulator kartalar va kasallik tarixiga ega tizim faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ushbu tizim oilaviy poliklinikalarda avtomatlashtirilgan holda ro‘yxatga olish, fuqarolarning yagona elektron tibbiy kartasini yuritish, aholiga onlayn tarzda, ya’ni uyidan chiqmasdan yashash manzili bo‘yicha oilaviy poliklinika shifokori qabuliga yozilish, fuqaroga qulay bo‘lgan vaqtda bepul tibbiy xizmatdan foydalanish imkonini beradi.
– Joriy yil oxirida Nukus shahridagi barcha poliklinikalarda fuqarolarning yagona elektron tibbiy kartasi tizimi yaratilishi rejalashtirilgan, – deydi Nukus shahar shifoxonasi bosh shifokori o‘rinbosari A.Yoqubov. – Bu yangi innovatsion tizim shifokorlarning tibbiy kartani yozishga sarflaydigan vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi. Bundan tashqari, “Kadrlar resurslarini boshqarish”, “Muassasalar pasport hisobining yagona tizimi” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari joriy qilinmoqda. Kelajakda donorlar va donorlikdan chiqarilgan shaxslar haqida, donorlik qonining hisoboti va uning taqsimlanishi kabi ma’lumotlar omborini tashkillashtirish, yuqumli kasalliklar epidemiologik monitoringi, psixonevrologik va narkologik dispanserlardan “Ma’lumotnoma olish uchun elektron ariza berish” avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
– Poliklinikamizga qarashli 13 hududda istiqomat qiluvchi 22 ming 744 fuqaroning barchasi avtomatlashtirilgan holda ro‘yxatga olinib, ular haqidagi to‘liq ma’lumotlar markazlashgan ma’lumotlar bazasiga kiritildi, – deydi Nukus shahridagi 9-oilaviy poliklinika bosh shifokori o‘rinbosari R.Dauletova. – Ushbu hududlarga bo‘lingan 13 umumiy amaliyot shifokori bazaga ulangan komputerlar bilan ta’minlandi. Ular yordamida shifokor qabuliga kelgan bemorlar to‘g‘risida ambulator kartasiz xabardor bo‘ladi. Shuningdek, shifokor qabulida navbat kutib o‘tirishga chek qo‘yildi. Sababi, elektron tarzda shifokor qabuliga yozilish orqali bemor shifokor ko‘rigidan o‘tish vaqtini bilib oladi. Poliklinika foyyesida o‘rnatilgan monitor har bir shifokor xonasining raqamini, uning qabul qilish vaqtini, nechta bemor qabulga yozilgani haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatib turadi.
Yagona elektron ro‘yxatga olish va internet tarmog‘i orqali shifokor qabuliga yozilish “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimi tumanlarda ham bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.