Xorij matbuoti sahifalarida O‘zbekiston

BAA yetakchi axborot agentligi – WAM sahifasida O‘zbekistondagi eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri – Sanoat energetika guruhi (SEG) hamda xalqaro savdo, logistika va sanoat sohasida yetakchi Abu Dabi portlari guruhi – “AD Ports Group” O‘zbekistonda “ADL-Ulanish” nomi ostida logistika xizmati ko‘rsatishni maqsad qilgan yangi qo‘shma korxona tashkil etgani e’lon qilindi.

Maqolada yozilishicha, “AD Ports Group” O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligini hisobga olib, kompaniyalar duch keladigan logistika muammosini hal qilish maqsadida yangi kompaniyaga global ta’minot zanjiri logistikasi va ilg‘or texnologiya bo‘yicha boy tajribasini ulashadi.

Qo‘shma korxona tomonlar sanoat loyihasi logistikasi, neft va gaz, elektron tijorat, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika kabi qator sohalarda faoliyat yurituvchi mamlakatimiz bozoridagi boshqa ishtirokchilarning tijorat ehtiyojini qondiradi.

“ADL-Ulanish” yuk tashish, havo va quruqlik logistikasi, omborxona, bojxona rasmiylashtiruvi, shuningdek, ichki konteyner omborlari va quruqlikdagi portlarni rivojlantirishni o‘z ichiga olgan turli ilg‘or xizmatlarni taklif qiladi. Bundan tashqari xizmatlarning integratsiyasi va samaradorligini oshiruvchi qator raqamli yechimlar tavsiya etadi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va yetkazib berish zanjiri sohasidagi tajribasini O‘zbekistonda oziq-ovqat markazi tashkil etishni qo‘llab-quvvatlashda ham qo‘llaydi.

Osiyo va Yevropa bozorlari o‘rtasidagi savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan strategik joylashuvi tufayli Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston quruqlikdagi logistika markazi hisoblanadi. Binobarin, Jahon banki mintaqaning yalpi ichki mahsuloti 2023 yil 3.9, 2024 yil 4.3 foiz o‘sishini bashorat qilmoqda.

– “ADL-Ulanish” ishga tushirilishi bizga logistika portfelimizni kengaytirish va asosiy bozorda xizmatlarimizni yaxshilash imkonini beruvchi platformani taqdim etadi, – dedi Abu Dabi portlari guruhi direktorlar kengashi raisi Faruk Az-Zir. – Zero, so‘nggi bir necha yil ichida amalga oshirilgan yirik islohotlar tufayli sezilarli iqtisodiy o‘sishga erishgan O‘zbekistonda yuk tashish va ombor xizmatiga talab keskin ortib bormoqda.

– Sanoat energetika guruhi bosh direktori Timofey Smirnov shunday dedi: -Biz ulkan logistika imkoniyati va yirik strategik sanoat tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shayotgan Abu-Dabi portlari guruhi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yganimizdan mamnunmiz. O‘zbekiston eksportga yo‘naltirilgan turli muhim va zarur tovarlar, jumladan, neft, gaz, oltin, mis, paxta, oziq-ovqat va jahon iqtisodiyoti uchun juda kerak bo‘lgan boshqa strategik mahsulotlar ishlab chiqaradigan mamlakat sifatida soha rivojiga ulkan hissa qo‘sha oladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil iyunda mazkur korxonalar O‘zbekistonda eng yirik logistika klasterini yaratish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA