O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro Issiqko‘l forumi vitse-prezidenti Dinara Jumaboyeva va Bishkekdagi Qirg‘iziston-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Begijon Ahmedov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda bir qator o‘zbek ijodkorlariga Xalqaro Issiqko‘l forumining “Chingiz Aytmatov” medali, shunindek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi adabiy aloqalarni rivojlantirishga faol hissa qo‘shayotgan yozuvchi va shoirlarga faxriy yorliqlar topshirildi.
“Chingiz Aytmatov” medali bilan O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev hamda yozuvchi Nurali Qobul taqdirlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq o‘zbek va qirg‘iz eli ijodkorlari o‘rtasidagi adabiy aloqalar mutlaqo yangicha rivojlanish bosqichiga kirganini ta’kidladi. Bu jihatlar adabiyot haftaliklarini doimiy o‘tkazish, har ikkala xalq ijodkorlarining eng yaxshi asarlarini tarjima qilish, kitob holida chop etish, qalamkashlarning o‘zaro ijodiy muloqoti uchun keng sharoitlar yaratishda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
– O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi diplomatik aloqalarga o‘ttiz yil to‘ldi, – dedi qirg‘izistonlik adib Begijon Ahmedov. – Yangi O‘zbekistonda kechayotgan ma’rifiy o‘zgarishlar butun dunyo ahli kabi Qirg‘izistonda ham e’tirof etilmoqda. Chingiz Aytmatov dunyo adiblarini birlashtirgan Issiqko‘l forumini tashkil etgan edi. Chingiz Aytmatovga hurmat, uning ijodini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor O‘zbekistonda Qirg‘izistondan aslo kam emas. Biz qirg‘izistonlik ijodkorlar o‘zbekistonlik olim Ibrohim G‘afurov bilan faxrlanamiz. Ustozning Chingiz Aytmatov bilan qalin do‘st bo‘lgani biz uchun juda faxrli.
– Shu tobda Markaziy Osiyo davlatlarining do‘stligi katta yutuqdir, – dedi O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov. – Bu do‘stlik davlatlarimiz rahbarlari tashabbusi bilan yuksaldi. Chingiz Aytmatov va uning atrofidagi adiblar ijodkorlar, xalqlarning shunday hamjihatligini orzu qilardi.
–Insoniyatni ijod orqali halokatdan ogoh etish g‘oyat dolzarbdir, – dedi xalqaro Issiqko‘l forumi vitse-prezidenti Dinara Jumaboyeva. – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosi juda ajoyib bino. Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir ijodkorga katta e’tibor qaratayotgani tahsinga loyiq. Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham faol ishtirok etdik. Chingiz Aytmatov asarlarini o‘zbek xalqi katta hayajon bilan mutolaa qiladi hanuz. Chingiz Aytmatovning orzulari yuzaga chiqmoqda. Biz do‘stlik har qanday balolardan omon-eson olib chiqishiga guvohmiz.
Tadbirda shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Suyun Qorayev, “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati raisi Zuhriddin Isomiddinov, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf, taniqli yozuvchilar Risolat Haydarova hamda Uzoqboy Pirjanovga Qirg‘iziston-O‘zbekiston do‘stlik jamiyatining faxriy yorliqlari topshirildi.
Ijodiy muloqot davomida aytilganidek, o‘zbek-qirg‘iz aloqalari keng yo‘lga qo‘yilgan. Bunda ikki davlat adiblari, ijodkorlari o‘rtasida hamkorlik tobora ravnaq topib borayotgani e’tiborlidir. 2021 yilda Qirg‘iz Respublikasi Milliy yozuvchilar uyushmasi raisi Nurlan Qalibekov, Qirg‘iziston xalq shoiri Marqaboy Amatov, 2022 yilda qirg‘izistonlik o‘zbek yozuvchisi Begijon Ahmedov, o‘zbek shoiri Avliyoxon Eshon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zoligiga qabul qilindi.
Hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida 2022 yil oktyabr oyida Toshkent viloyati Parkent tumanida Markaziy Osiyo yosh ijodkorlarining seminar-forumi o‘tkazildi. Unda qardosh yurtning yosh yozuvchilari faol ishtirok etdi.
Ayni damda “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasi nashr etildi. Majmuaning 9 jildi qirg‘iz adabiyotiga bag‘ishlangan.
Ijodiy muloqot davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston yozuvchi-shoirlari o‘rtasidagi hamkorlikni tobora kuchaytirishning yangi istiqbollari belgilandi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar)
O‘zA muxbiri