Turkiyada zilzila qurbonlariga e’lon qilingan yetti kunlik motam tufayli mamlakatning barcha hududida hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida Davlat bayroqlari tushirildi, deb xabar bermoqda Anadolu agentligi.
Avvalroq Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tabiiy ofat qurbonlariga yetti kunlik milliy motam e’lon qilgan edi.
“E’lon qilingan motam tufayli Turkiyaning barcha hududida hamda xorijdagi vakolatxonalarida Davlat bayrog‘i 12 fevral kuni qo‘yosh botishiga qadar tushirilgan bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Turkiya favqulodda vaziyatlar bo‘yicha boshqarmasining zilzilalar va xavflarni kamaytirish bo‘limi bosh direktori O‘rxon Tatarning ma’lum qilishicha, zilzila qurbonlari hozirgacha 3,3 ming kishidan oshgan.
“Ayni paytgacha qurbonlar soni 3 ming 381 kishini tashkil etmoqda, 20 ming 436 kishi jarohat olgan”, — dedi u jurnalistlarga.
Uning aytishicha, jami 5 ming 575 ta bino qulab tushgan.
Avvalroq 2 ming 921 kishi halok bo‘lgani, qariyb 16 ming kishi jabrlangani aytilgan edi.
Turkiya Favqulodda vaziyatlar davlat departamentining aniqlik kiritishicha, zilzila dushanba kuni tongda mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da Qahramonmarash viloyatining Pazarjik tumanida sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng yer silkinishlari yarim soat davomida turli hududlarda – Adana, Anqara, Antalya, Gaziantep, Qaysari, Mersin, Trabzon, Shonliurfa va boshqa shaharlarida davom etgan.
“Al Arabiya” telekanalining qayd etishicha, yer silkinishlari Iroq, Suriya va Livanning ayrim hududlarida ham sezilgan.
So‘nggi xabarlarga qaraganda, turkiyalik ob-havoshunoslar zilzila ro‘y bergan hududlarda qor va yomg‘ir yog‘ishini ma’lum qilishgan.
“Ob-havoshunoslar seshanba kuni Turkiyaning janubi-sharqiy qismida, ya’ni zilzila ro‘y bergan mintaqada qalin qor va yomg‘ir yog‘ishini prognoz qilmoqda”, – deyiladi telekanal bergan xabarda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ob-havoning yomonlashuvi qutqaruv-qidiruv ishlarini anchayin qiyinlashtiradi.