Buyuk Britaniyaning “Emerging-Europe” onlayn jurnali sahifasida “O‘zbekistonni tushunish uchun kuzatish kerak bo‘lgan uch asosiy tamoyil” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Yaqinda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori Gulnoza Ismoilova boshchiligida ekspertlar delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga safar qilgan, tashrif davomida mamlakatimizning Londondagi elchixonasi ko‘magi bilan Kembrij universitetida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etgan edi. Maqola aynan shu uchrashuvda bildirilgan muhim fikr, mulohazalar asosida yozilgan.

Sharhlovchi Devin Xas materialida Prezident Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishgach, mamlakatda liberallashuv jarayoni jadallashgani, mintaqaviy integratsiyani yo‘lga qo‘yish orqali ichki va tashqi siyosat tubdan o‘zgargani qayd etilgan. O‘zbekiston Yevrosiyo markazida strategik mavqeini sezilarli darajada ko‘tarib olishi tufayli kun tartibida uch asosiy tendensiya ustunlik qilishi mumkinligi alohida ta’kidlangan. Muallif yozishicha, bu tamoyillar islohotlarni davom ettirish zarurati, xilma-xillik va mintaqaviy integratsiya hamda ekologik va ijtimoiy muammolardir.

Qarorgohi Londonda joylashgan “Emerging Europe” faoliyati Markaziy, Sharqiy, Janubi-sharqiy Yevropa va Janubiy Kavkazning 23 mamlakatiga oid xabar, maqolalarni o‘quvchilari e’tiboriga havola qilishga yo‘naltirilgan.

Mazkur maqolaning to‘liq matnini https://emerging-europe.com/news/understanding-uzbekistan-three-key-trends-to-watch/ havolasi orqali o‘qish mumkin.

 

O‘zA