Senatda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Senati huzurida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida oilaviy zo‘ravonlikni alohida jinoyat sifatida e’tirof etish va jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash, nomusga tegish yoki voyaga yetmaganlar bilan jinsiy munosabat qilish kabi jinoyatlarni sodir qilganlik uchun amaldagi javobgarlik choralari yanada kuchaytirilmoqda.

Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida himoya orderi muddatini sud tomonidan  bir yilgacha muddatga uzaytirish taklif etilmoqda.

Ota-ona yashash joyida vaqtincha bo‘lmaganda yoxud o‘zlarining ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaydigan davr uchun voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatini bajarmaganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Muhokama davomida qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida xotin-qizlar va bolalar huquqlariga oid xorijiy tajriba o‘rganilgani, milliy qonunchilik hujjatlarining tahlil qilingani qayd etildi.

Eng muhimi, ishchi guruhning muhokama markazida jamiyatimizdagi eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lgan oilaviy zo‘ravonlikka keskin qonuniy javob berish masalasi bo‘ldi.

Shuningdek, qonun loyihasida amaldagi qonunchilikka xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritish bilan bir qatorda, ularga nisbatan  sodir etilgan zo‘ravonlik hamda uyatsiz-buzuq harakatlar uchun  ma’muriy va jinoiy jazo choralarini kuchaytirish, jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

E’tiborli jihati, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan jinoyat sodir etgan mahkumlarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi ko‘rsatilib, mazkur choralar shunday toifadagi jinoyatlarga nisbatan davlatning qat’iy murosasiz pozitsiyasini bildiradi.

Yig‘ilish yakunida ishchi guruh a’zolarining faoliyati davom etishi va ular tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar qonun  loyihasini yanada takomillashtirishda inobatga olinishi borasida kelishib olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA