So‘nggi paytlarda Yevropa Parlamentidagi korrupsiya mojarosi xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Korrupsiya bilan bog‘liq holatlar aniqlanayotgani haqidagi xabarlar deputatlarning qancha maosh olishini ochiqlanishiga olib keldi, deyish mumkin.
Darhaqiqat, Yevroparlamentda deputatlar qancha maosh oladi?
Kuni kecha parlament saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, deputatlar vatanidan qat’i nazar bir xil, ya’ni oyiga 9 ming 808 yevro 67 sent ish haqi bilan ta’minlanadi. Biroq, turli mamlakatlarda soliqlar sezilarli darajada farq qilgani bois o‘rtacha maosh 7 ming 300 yevro bo‘lib qolayotgani tasdiqlangan.
Euronews agentligining yozishicha, deputatlar har xil turdagi kompensatsiya olish huquqiga ega. Bundan tashqari, agar deputat yig‘ilishlarni o‘tkazib yuborsa, bu oylik ish haqiga ta’sir o‘tkazmay qo‘ymaydi.
Har bir deputatning sayohat xarajatlari qoplab beriladi, qo‘shimcha ravishda vatanidan tashqarida ishlayotganlarga ustama haq beriladi, faqat u yiliga 4 ming 700 yevrodan oshmasligi kerak.
Yana bir ma’lumot: telefon, internet, ish yuritish materiallari va boshqa shu kabi ofis jihozlari uchun deyarli bir xil miqdorda mablag‘ ajratiladi. Bryussel yoki Strasburg shaharlarida faoliyat yuritayotgan vakil turar joy uchun kunlik 338 yevro oladi.
Darvoqe, 63 yoshidan boshlab sobiq deputat Yevropa byudjetidan pensiya olish huquqiga ega: har bir to‘liq ishlagan yili uchun oylik ish haqining 3.5 foizini oladi.
Tan olish kerak, Yevropa mintaqasida kun kechirish oson emas, boisi iqlim sharoiti, suv resurslari bilan bog‘liq masala jiddiy muammo sanaladi. Shuningdek, mazkur mintaqada soliq stavkalari va oziq-ovqat narxlari ancha baland.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA