Britaniya hukumati Angliyada bir martalik plastik idishlar, jumladan, oshxona idish-tovoqlaridan foydalanishni taqiqlamoqchi, deb xabar bermoqda Guardian gazetasi.

Nashrning yozishicha, statistikaga ko‘ra har yili taxminan 1,1 milliard dona bir martalik taqsimchalar va 4,25 milliard  dona bir martalik plastik oshxona jihozlari ishlatiladi. Ularning  atigi 10 foizi qayta ishlanar ekan. Avvalroq  xuddi shunday taqiq Shotlandiya va Uelsda ham joriy qilingan edi. 2020 yil kuzda Britaniyada plastik ishlatilib tayyorlangan paxta tayoqchalar va kokteyl ichadigan naychalardan foydalanish taqiqlangan edi.

Gazeta bergan ma’lumotga ko‘ra, atrof-muhitni himoyalash vazirligi shanba kuni mazkur masalada maslahatlashuv natijalari e’lon qilganidan keyin ushbu chorani joriy etadi. Bu masalada 2021 yil noyabrdan 2022 yil fevralgacha mamlakatda so‘rov o‘tkazilgan edi.

Yevroittifoq qonunchiligi doirasida 2019 yildan boshlab  Yevropa ittifoqida ma’lum bir plastikdan yasalgan  buyumlar bozordan olinishi kerak edi.

2021 yil yanvardan Germaniya hukumati ham restoranlar va kafelarga ko‘p marta foydalaniladigan idishlarda taom tarqatishni majburiy qilib qo‘ygan.

Dengizlarda chiqindilarning  80 foizidan ziyodi plastik buyumlarga to‘g‘ri kelarkan. Bir martalik idishlar qisqa vaqtda foydalaniladi va keyin tashlab yuboriladi. Natijada plastik chiqindilar ko‘p hollarda dengizga tushadi hamda  sohillarda to‘planib qoladi. Bu albatta, dengiz jonivorlari va o‘simliklariga, shuningdek, inson salomatligiga xavf tug‘diradi,  deyiladi xabarda.