BAA vitse-prezidenti, Bosh vazir va Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Al-Maktum mamlakat iqtisodiyotining hajmini ikki baravar oshiradigan yuzdan ortiq loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadigan Dubay Iqtisodiy dasturini (D33) e’lon qildi.
“The National” xabar qilganidek, dasturga ko‘ra, 2033 yilga borib Dubay dunyodagi iqtisodiy jihatdan eng kuchli shaharlar uchligiga va sayyoramizning asosiy moliyaviy markazlarining birinchi to‘rtligiga kirishi kerak. D33 rejasi BAA 65 ming fuqarosini mehnat bozoriga olib kirishga yordam beradi, shu bilan birga yangi universitetlar kampuslarini ochadi va oliy ta’lim sektorini rivojlantiradi.
Biznes-inkubatorlar, shuningdek, Sandbox Dubai dasturi doirasida 400 ta eng istiqbolli mahalliy kompaniyalar o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu tariqa, Dubay iqtisodiy kun tartibi yuzta transformatsion loyihalarni, umumiy qiymati 32 trillion dirham bo‘lgan iqtisodiy tashabbuslarni, tashqi savdo hajmini 25 trillion dirhamga oshirish va Dubayni dunyo bo‘ylab 400 ta yangi shaharlar bilan bog‘lash uchun savdo yo‘laklarini qurish bo‘yicha rejalarni o‘z ichiga olgan.
Dubay 700 milliard dirhamdan ortiq qiymatdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qiladi. Faqatgina amirlikning raqamli transformatsiyasi g‘aznaga har yili 100 milliard dirhamdan ortiq daromad keltiradi.
Dubay hukmdori ushbu tashabbusga Amirlikda istiqomat qiluvchi uch ming sarmoyachini qo‘shilishga taklif qildi. bugungi kunda Nyu-York, London va Gonkong, shuningdek, Shanxay, Singapur va San-Fransisko shaharlari yetakchi moliya markazlari hisoblanadi.
G. Abdullayeva tayyorladi, O‘zA