O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim sharti hisoblangan samarali faoliyat yurituvchi boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, davlat organlarining sohaga oid bo‘lmagan vazifalarini qisqartirish va faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ularning tuzilmasi o‘rtacha 15 foizga maqbullashtirildi, shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida 40 ta rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.

Davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish hisobidan byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaxshilash maqsadida 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat tashkilotlari tomonidan 60 dan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.

“Elektron hukumat” tizimining foydalanuvchilari soni 4 milliondan oshib, u orqali davlat idoralarining 130 dan ortiq axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qariyb 350 turdagi xizmatlar onlayn shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Yangi O‘zbekiston sharoitida zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirish orqali davlat organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish hamda ular faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish, shuningdek, Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlar Mahkamasi/Hukumat) a’zosi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi tizimi joriy etilsin.

Belgilansinki, Hukumat a’zosi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari:

tegishli sohada yagona davlat siyosatini olib borish va uni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun mas’ul va javobgar hisoblanadi;

tizimdagi kadrlar siyosatining Vazirlar Mahkamasi apparatidan mustaqil ravishda davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq yuritilishini ta’minlaydi.

2. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kotibiyatlardepartamentlar va ular huzuridagi bo‘limlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘limi tugatilsin.

3. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida:

Bosh vazirning 4 nafargacha o‘rinbosarlari lavozimi;

Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinsin.

4. Vazirlar Mahkamasining yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi
1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda Hukumat vakolatlariga oid boshqa dolzarb masalalarni (keyingi o‘rinlarda – masalalar) Vazirlar Mahkamasiga kiritish, ko‘rib chiqish va axborot berishning quyidagi tartibi joriy qilinsin:

a) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va masalalar Hukumatga bevosita vazirlar va boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari tomonidan belgilangan tartibda kiritiladi.

Bunda, davlat ishtirokidagi tashkilotlar va xo‘jalik birlashmalari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa masalalar tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirayotgan vazir yoki boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari orqali kiritiladi;

b) kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentiga ko‘rib chiqish, moliyaviy-iqtisodiy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, tartibga solish ta’siri va manfaatlar to‘qnashuvini baholash hamda axborot berish uchun kiritiladi;

v) axborot berishga tayyor bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa masalalar Vazirlar Mahkamasida kollegial tarzda ma’qullanadi yoki rad qilinadi;

g) ma’qullangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda, zarur hollarda, boshqa masalalar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi (yoki qabul qilinadi);

d) Vazirlar Mahkamasida masalalarni kollegial tarzda ko‘rib chiqishda, zaruratga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari taklif qilinadi.

Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) bir oy мuddaтda mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kiritish, ko‘rib chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishishning aniq tartibi va muddatlarini, ularning ijrosini nazorat qilishni nazarda tutuvchi Hukumatning yangilangan reglamentini kiritsin.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

Bosh vazirning amaldagi o‘rinbosarlari va maslahatchilari hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi va uning o‘rinbosarlari yangi tizim ishga tushgunga qadar yuklatilgan vazifalarning to‘liq hajmda va sifatli bajarilishini ta’minlaydi;

Vazirlar Mahkamasi apparatining tuzilmalarini maqbullashtirish munosabati bilan bo‘shayotgan mablag‘lar Bosh vazir kotibiyati o‘rnak ko‘rsatgan boshqaruv xodimlarining natijadorligi asosida qo‘shimcha rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Adliya vazirligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

Vazirlar Mahkamasida qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarining amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi;

amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlardan kelib chiqib komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqa kollegial organlarga rahbarlarni qayta taqsimlash bo‘yicha taklif kiritsin.

7. Bosh vazirga quyidagi huquqlar berilsin:

masalalarni tartibga solish va ustuvor vazifalarni hal qilishning muhimligini hisobga olgan holda Bosh vazir kotibiyatining umumiy shtatlari soni doirasida uning ijro etuvchi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;

iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning dolzarb yo‘nalishlarini o‘rganish va ular bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun ishchi guruhlar va kelishuv komissiyalari tashkil qilish;

Bosh vazir kotibiyatining o‘rnak ko‘rsatgan boshqaruv xodimlarini natijadorlik asosida qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun mablag‘lar miqdorlarini belgilash.

8. Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda:

Bosh vazir o‘rinbosarlarining funksional vazifalarini tasdiqlash;

Bosh vazir kotibiyatining shtat jadvalini tasdiqlash;

Bosh vazir kotibiyati to‘g‘risidagi, uning barcha bo‘linmalari funksiyalari, vakolatlari, huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyatini batafsil belgilab beruvchi nizomni ishlab chiqish;

Bosh vazir kotibiyatining yangi tashkil etilgan tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash;

faoliyati tugatilayotgan tarkibiy bo‘linmalarning xodimlarini vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarda rahbar va mas’ul lavozimlarga tayinlash bo‘yicha choralar ko‘rsin, zarur hollarda, taklif kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi kengashining Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarining birinchi bosqichi doirasida 2023 yil 1 yanvardan boshlab ixcham, professional boshqaruv tamoyillariga asoslangan
va samaradorlikka yo‘naltirilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalarni o‘z ichiga oladigan yaxlit tizimini shakllantirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

10. Belgilansinki:

vazirlik – tegishli sohalarda yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi, muayyan yo‘nalishda ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hamda tizimdagi rahbariy faoliyatni yakkaboshchilik asosida tashkil etadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;

qo‘mita – tegishli soha ichidagi tarmoq faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va tartibga soluvchi hamda tizimdagi rahbariy faoliyatni kollegial asosda tashkil etadigan, shuningdek, vazirlikning tashkiliy bo‘ysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;

agentlik – asosiy vazifasi sifatida tegishli sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatish va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqni qo‘llash funksiyalarini amalga oshiruvchi, shuningdek, vazirlik tashkiliy bo‘ysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;

inspeksiya – asosiy vazifasi sifatida tegishli soha va tarmoqlarda davlat nazorati va tekshiruvni amalga oshiruvchi, shuningdek, vazirlik tashkiliy bo‘ysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;

qonunchilik hujjatlariga muvofiq alohida maqomga ega hamda bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va (yoki) Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadigan qo‘mita, agentlik va inspeksiyalar tashkil etilishi mumkin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi kengashining Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarining birinchi bosqichi doirasida 2023 yil 1 yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan, vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish bo‘yicha taklifi ma’qullansin.

12. Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasi tizimini quyidagi vazirliklar tashkil etadi:

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi;

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi;

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;

Tabiat resurslari vazirligi;

Yoshlar siyosati va sport vazirligi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi;

Suv xo‘jaligi vazirligi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi;

Adliya vazirligi;

Transport vazirligi;

Madaniyat va turizm vazirligi;

Mudofaa vazirligi;

Energetika vazirligi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi;

Tashqi ishlar vazirligi;

Ichki ishlar vazirligi;

Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

13. Quyidagilar:

2023 yil 1 yanvardan boshlab qayta tashkil etilayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;

2023 yil 1 yanvardan boshlab vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkazilgan holda tugatilayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

2023 yil 1 yanvardan boshlab tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgarayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, mazkur Farmon doirasida shtat birliklarini maqbullashtirish natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarni hal etishga yo‘naltiriladi.

14. Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) bir hafta muddatda:

ushbu Farmonga muvofiq qayta tashkil etilayotgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar reja-grafigi;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tartibga soluvchi namunaviy nizomni tasdiqlasin.

Bunda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari va uning o‘rinbosarlari mas’uliyat doirasi hamda respublika, viloyat va tuman darajasidagi bo‘linmalarning vazifa va funksiyalarini aniq chegaralash, shuningdek, hududlar kesimida faoliyat samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari hamda ish ko‘rsatkichlari (indikatorlari) belgilansin.

15. 2023 yil 1 yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining samarali ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har bir respublika ijro etuvchi hokimiyat organining yil davomida erishishi zarur bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) belgilanadi;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari har yil boshida o‘zining o‘rinbosarlari kesimida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi;

harakatlar dasturiga asosan respublika ijro etuvchi hokimiyat organining hududiy bo‘linmalari rahbarlari maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishish bo‘yicha hududiy rivojlanish dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlari yil yakuniga qadar harakatlar va hududiy rivojlanish dasturlari amalga oshirilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishish holati yuzasidan hisobot berishi va ochiq e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Belgilansinki, respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda jamoatchilik oldida bevosita hisobdor bo‘ladi.

16. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining institutsional mustaqilligini oshirish maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashkiliy tuzilmasi, shtat birliklari va rahbar o‘rinbosarlarining soni, shuningdek, faoliyat yo‘nalishlari belgilab beriladi.

Bunda:

markaziy apparat va hududiy bo‘linmalar tuzilmalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga ajratilgan mablag‘lar doirasida hamda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda markaziy apparat va hududiy bo‘linmalarning tuzilmasi va shtat birliklarini tasdiqlash huquqi taqdim etiladi;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga hududdagi ehtiyoj va sharoitlardan kelib chiqib, muayyan viloyat yoki tuman (shahar) bo‘linmalarini tashkil etish yoki ularni tumanlararo (viloyatlararo) shaklda tuzish vakolati beriladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasida tashkil etilishi majburiy bo‘lgan bo‘linma va lavozimlar ro‘yxati, ularga bo‘lgan mezonlar hamda rahbar va ijrochi xodimlar o‘rtasidagi nisbat bo‘yicha me’yorlarni belgilashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining kengashi mazkur Farmon amalga oshirilishini muvofiqlashtirish hamda quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash uchun mas’ul etib belgilansin:

ijro etuvchi hokimiyat organlari shtat birliklari, shu jumladan, rahbar lavozimlarini 30 foizgacha maqbullashtirish va adolatli mehnatga haq to‘lash tizimini joriy etish;

ma’muriy islohotlar doirasida transformatsiya qilinayotgan ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur Farmonda belgilangan yangi talablardan kelib chiqqan holda samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

rahbarlarning moliyaviy va institutsional mustaqilligini oshirish orqali hududlar bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining funksiyalarini tartibga solish orqali ularni kamida 10 foizga qisqartirish;

xususiy sektorga o‘tkaziladigan davlat funksiyalari sonini kamida 3 barobarga oshirish, davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlarini keng joriy etish;

ijro etuvchi hokimiyat organlarining tizimida rahbar va ijrochi xodimlarning munosib nisbatiga erishish;

rahbarlarning aholi takliflari asosida faoliyatini yo‘lga qo‘yish va jamoatchilik oldida hisobdorligini kuchaytirish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining kengashi (S.U. Umurzakov) mazkur Farmondan kelib chiqqan holda ma’muriy islohotlar birinchi bosqichida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini 2023 yil 1 yanvarga qadar, ikkinchi bosqichida esa mahalliy davlat hokimiyati organlarini 2023 yil 1 aprelga qadar isloh qilish bo‘yicha choralar ko‘rilishini ta’minlasin.

18. Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) 2023 yil 1 fevralga qadar mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda, quyidagilarni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini kiritsin:

Hukumat a’zolarining Bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash mexanizmlarini belgilash, ularning Vazirlar Mahkamasida qarorlar qabul qilish jarayonidagi maqomini oshirish;

hududlar, infratuzilma, iqtisodiyot, moliya, pul-kredit, shuningdek, ijtimoiy sohaning rivojlanishini ta’minlashda Hukumatning mas’uliyatini tubdan oshirish;

Hukumat a’zolarining boshqaruv, kadr, moliya va boshqa yo‘nalishlardagi mustaqilligini oshirish va mas’uliyatini kuchaytirish;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, shu jumladan, hududiy bo‘linmalar kesimidagi har birining maqomi, ularni tashkil etish va tugatishning aniq tartibi hamda bir-biridan farqlovchi mezonlarни belgilash.

19. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.

20. Adliya vazirligi bir oy muddatda ushbu Farmondan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan takliflar kiritsin.

21. Farmon ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                                                                                              Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 21 dekabr