Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida 2006 yilda tug‘ilgan, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilgani uchun javobgarlikka tortilgan o‘spirin yigit Buxoroda yana jinoyat sodir etdi.

Gap yosh avlod tarbiyasi haqida ketganda negadir har gal Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot yo halokat masalasidir” degan fikrlari xayolimga keladi. Naqadar dono fikr. Haqiqatan ham tarbiya insonning butun hayot yo‘lini belgilab beradi.

Mansur (ismi o‘zgartirilgan) atigi 16 yoshli o‘smir yigit. Uni shu yoshida bir emas bir necha marotaba jinoyatga qo‘l urishida ham oilasida olgan tarbiyasi yoki tarbiyaning yetmagani sabab bo‘lganiga ham shubha yo‘q. 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilgani uchun javobgarlikka tortilgan yigitchaning yoshligi inobatga olinib imkon berilgan, to‘g‘ri yo‘lni tanlashiga ishonch bildirilgan edi. Biroq yigitcha bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan shekilli yana jinoyatga qo‘l urdi.

U 2022 yil 26 iyul kuni Buxoro shahri Mustaqillik ko‘chasidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida og‘zaki kelishuv asosida ishga kiradi. “O‘rgangan ko‘ngil, o‘rtansa qo‘ymas” deganlaridek, u 2022 yilning 3 avgust kuni kechasi soat taxminan 01:30 larda shoxobchaning kunlik daromadi saqlanadigan xonaga deraza orqali kiradi. Xonadagi temir seyfdan fuqarolarga tegishli 1 million so‘m pul va 200 AQSH dollarni yashirin ravishda talon-toroj qiladi. Shuningdek, u o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, g‘arazli va boshqa past niyatlarda qasddan jinoyat sodir qilish yo‘liga kiradi. O‘zi ishlab kelayotgan MCHJ ga qarashli avtomobillarni yuvish shoxobchasi oldidagi maydonda qarovsiz qoldirilgan, jamiyat rahbariga tegishli “Matiz” rusumli avtomashinani olib qochishni rejalashtiradi. O‘zining jinoiy rejasiga asosan, avtomashina kalitini mijozlar kutishga mo‘ljallangan xonadan g‘ayriqonuniy ravishda qo‘lga kiritib, avtomashinani boshqarishga hech qanday huquqi bo‘lmagani holda, kalit yordamida avtomashinani ochib, avtomashinani o‘t oldiradi. Qonunga xilof ravishda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahriga boshqarib ketib, transport vositasini olib qochish jinoyatini sodir etadi.

Shunday qilib voyaga yetmagan ushbu fuqaro o‘zining qasddan sodir qilgan jinoiy harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi va 267-moddasi 1-qismlarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etadi.

Ayni paytda Mansur sodir etgan jinoyatlar bo‘yicha tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA