Xalqimizning ma’naviyati, tafakkuri milliy san’atimiz va madaniyatimizga bevosita bog‘liqdir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yil mamlakatimizda ilk bor 15 aprel – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni sifatida keng nishonlanmoqda.

Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi «Xalqlar do‘stligi» saroyida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at xodimlariga tabrigi o‘qib eshittirildi.

Mamlakatimizda madaniyat sohasidagi milliy qonunchilikni tubdan takomillashtirish, san’atimizni yanada ravnaq toptirishga xizmat qiluvchi farmon va qarorlar qabul qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda badiiy jamoalar, teatrlar, san’atkorlar faoliyati jadal qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bu jarayonda ustoz san’atkorlar mehnatini qadrlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Iste’dodli yoshlar muttasil qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tiborga molikdir.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida milliy madaniyatimiz va san’atimizni rivojlantirish borasidagi ezgu intilishlar xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishdek maqsadga yo‘naltirilganini ta’kidladi.

– Sohaga ko‘rsatilayotgan e’tiborni o‘z faoliyatimiz davomida doimiy his etmoqdamiz, – dedi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori Nazmiddin Nazarov. – Bular yangi spektakllarni sahnalashtirish, san’atkorlar faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan «Nihol» nomidagi Davlat mukofoti tantanali tadbirda mumtoz qo‘shiq, musiqa ijrochiligi, opera, raqs, estrada ijrochiligi yo‘nalishlari bo‘yicha bir guruh ijodkor yoshlarga ustoz san’atkorlar tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

– Mumtoz kuy-qo‘shiqlar inson ma’naviy kamolotida benihoya katta o‘rin egallaydi. Bizlarga bildirilgan bunday yuksak ishonchga munosib bo‘lishga astoydil harakat qilamiz, – dedi «Nihol» mukofotining mumtoz qo‘shiq ijrochiligi yo‘nalishi bo‘yicha sovrindori Muxlisa Mashrabova.

Tantanali tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi. Bayram munosabati bilan turli davlatlardan yuborilgan tabriklar videoroliklar shaklida namoyish etildi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri