O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Qozog‘iston Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

O‘zbekistonda Prezident Nursulton Nazarboyevni jahon miqyosidagi buyuk davlat arbobi va ulkan siyosatchi, mamlakatimizning yaqin do‘sti va ishonchli hamkori sifatida yaxshi bilishi ta’kidlandi.

Bugun davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli dastur va loyihalar, raqobatbardosh iqtisodiyot, sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining diversifikatsiya va modernizatsiya qilish asosida barqaror rivojlanayotgani, infratuzilmaning takomillashtirilayotgani Qozog‘iston rahbariyati tomonidan uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan siyosatning samaradorligidan dalolat beradi.

Qozog‘istonning xalqaro nufuzi muttasil ortib bormoqda. Iyun oyida ushbu mamlakatda natijalariga ko‘ra tarixiy ahamiyatga ega Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tdi. 6-iyul sanasi Poytaxt kuni sifatida nishonlanadigan, rivojlanib borayotgan zamonaviy Ostonada “EKSPO – 2017” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi yuksak darajada o‘tmoqda.

Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari joriy yilda oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning muhim jihatlarini muhokama etdilar.

Barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ko‘paydi, Toshkent, Ostona va Olmaota shaharlari o‘rtasida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi, poytaxtlarimiz o‘rtasida aviaqatnov ko‘paydi, avtobus qatnovini qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasida o‘zaro sheriklik munosabatlari yo‘lga qo‘yilib, izchil rivojlanmoqda.

Tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Muloqot so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston rahbarini yana bir bor samimiy tabriklab, mustahkam salomatlik, baxt-saodat va yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Qozog‘iston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

Suhbat an’anaviy samimiylik va do‘stona ruhda o‘tdi.

 

O‘zA