Shavkat Mirziyoyev: Maqom – milliy san’atimiz asosi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Shahrisabz shahrida bo‘ldi.

Bugun Shahrisabz qiyofasi tubdan o‘zgardi. Shaharning tarixiy obidalari qayta ta’mirlandi. Sayyohlik infratuzilmasi rivojlanib, xizmat ko‘rsatish darajasi xalqaro standartlari darajasiga yetkazilmoqda.

Prezidentimiz 2017-yil avgust oyida poytaxtimizdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrifi chog‘ida qator masalalar qatorida Shahrisabz shahrida maqom kechalarini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Ayni vaqtda milliy o‘zligimizni anglash, madaniyatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini yuksaltirishda maqom san’atining keng imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2017-yil 17-noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘risida»gi qarori qabul qilinib, ijrosiga kirishildi.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2018-yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Shahrisabz shahriga tashrifi davomida Oqsaroy maydonida mazkur anjumanni o‘tkazish uchun zarur madaniy infratuzilma inshootlarini barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xalqaro maqom san’ati anjumanining ilmiy-ijodiy konsepsiyasi haqida ma’lumot berildi.

Oqsaroy maydonining tarixiy qismida maqom san’atiga bag‘ishlangan muzey va markaz tashkil tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shahar madaniyat saroyini kapital ta’mirlash, Oqsaroy maydonidagi Maqom markazi hamda bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyatini takomillashtirish tadbirlari belgilangan.

Mashhur san’atkorimiz Yunus Rajabiydan keyin, afsuski, hech kim maqom san’atini rivojlantirish bilan jiddiy shug‘ullanmadi. Maqom san’ati ustalari juda kam qolgan. Ularni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoyev shu yerda maqom san’ati ustalari bilan uchrashdi. Ular bilan maqom san’ati istiqbollari, xalqaro maqom san’ati anjumanini yuksak saviyada o‘tkazish haqida suhbatlashdi.

 

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA