O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib, jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
2017-yil 4-5-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif hamda ikki davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va fikr almashuvlari siyosiy muloqotni faollashtirish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilgani, aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, amaliy mazmun bilan boyitgani alohida ta’kidlandi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli savdo-iqtisodiyot, investitsiya, moliya va transport-kommunikatsiya sohalarida salmoqli natijalarga erishildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika tarmog‘i, neft-gaz majmui, metallurgiya, mashinasozlik, to‘qimachilik va oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshdi va 4,5 milliard dollarga yetdi.
Davlat rahbarlari Hududlararo hamkorlikka ko‘maklashish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim doirasida mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasida samarali sheriklik yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etdilar.
Turistik va madaniy almashinuvlar kengaymoqda, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni, kelgusidagi turli darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasini muhokama qildilar.
Muloqot so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida, mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini qat’iy ta’kidladilar.