Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishida o‘tgan yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Dastlab anjuman ishtirokchilari Ichki ishlar vazirligi binosida joylashgan “102” avtomatlashtirilgan tizim faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, aholi tinchligi va osoyishtaligi, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan yil mobaynida 52 ming 786 nafar fuqaroga ID pasport, 212 ming 240 fuqaroga chet davlatlarga chiqish uchun biometrik pasport, 72 ming 486 nafar fuqaroga haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirilgan bo‘lsa, chet davlatlarning 23 ming 920 fuqarosi ro‘yxatga qo‘yildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 424 fuqarolar yig‘inidan 167 tasida birorta jinoyat sodir etilmadi va 113 tasida jinoyat oldingi yilga nisbatan kamayishiga erishildi.
Barvaqt oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar Mo‘ynoq tumanida 11 ta, Taxiatosh tumanida 8 ta, Ellikqal’a tumanida 5ta, Kegayli tumanida 3 ta, Bo‘zatov tumanida 2 taga kamayishiga erishildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan Ichki ishlar vazirligida «102» avtomatlashtirilgan tizimini tashkil etish maqsadida tegishli mablag‘ ajratilib, “Interstroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan foydalanishga topshirildi. Natijada, barcha shahar va tumanlardan tizimga kelib tushgan xabarlar markazlashgan holda qabul qilinib, tezkor-tergov guruhining voqea joyiga darhol yetib borishini ta’minlash va patrul xizmati naryadlarini boshqarish imkoniyati yaratildi. Bir kunning o‘zida “102” tizimiga 750 – 850 ta atrofida xabar kelib tushmoqda. Bundan tashqari, shahardagi jamoat joylariga o‘rnatilgan 10 ta «SOS” tugmachasi va 9 ta ko‘cha chorrahasiga o‘rnatilgan 126 ta videokuzatuv kamerasi ulandi.
Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga yӯl qӯyilgan kamchiliklar ham qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA