Yurtimizda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgani bois Senat kengashining navbatdagi majlisi onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisini 2022 yil 3 fevral kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Navbatdagi yalpi majlisda “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida”gi va “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama etiladi.
Shuningdek, “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar ham kun tartibiga kiritilgan.
Bundan tashqari, 2021 yilgi Davlat dasturining ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti, Bosh vazir o‘rinbosari Sh.G‘aniyevning qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi to‘g‘risidagi axboroti hamda adliya vazirining 2021 yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, turli masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish hamda hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqish va boshqa bir qator masalalar muhokamasi rejalashtirilgan.
Yalpi majlis ikki kun davomida onlayn tarzda o‘tkaziladi.
O‘zA
(Muhtarama Komilova)