Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq rassomi Sarsenboy Baybosinovning “Ko‘ngil ohanglari” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Qoraqalpoq rassomchilik san’ati jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Ustoz rassomlarning davomchilari yangi zamonaviy oqimda asarlar yaratib, tomoshabinlarning ko‘ngillaridan joy olmoqda.
Sarsenboy Baybosinov natyurmort, manzara, portret janrlarida samarali mehnat qiladi. Shu bilan birga ijodining asosiy mavzusi qoraqalpoq milliy urf-odatlari, etnografiyasi, milliy kiyimlardagi qoraqalpoq ayollari, qishloq manzaralari, milliy quroqlar bilan natyurmort, bugungi kunning muammosi – Orol fojiasidan iborat.
Rassom 1983 yildan boshlab respublika va xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, Turkiya va Rossiyada o‘tkazilgan “O‘zbekiston rassomlari” ko‘rgazmalarida ishtirok etgan. 2004 yilda ijodiy safar bilan Avstriya va Kipr mamlakatlariga bordi. Shuningdek, har ikki yilda Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro zamonaviy san’at Biyennalelarida faol ishtirok etgan. Nukus shahridagi maktab va kollej hamda ko‘rgazma zallarida shaxsiy ko‘rgazmalari ko‘p bor tashkil qilingan. Uning asarlari bugungi kunda mamlakatimizdagi va MDH davlatlari, Gollandiya, AQSH, Avstriya, Germaniya, Yaponiya kabi mamlakatlarning muzeylari kolleksiyalaridan o‘rin olgan.
S.Baybosinov 1993 yildan buyon O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi. 2002 yili “Shuhrat” medali, 2008 yili O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining “Oltin medali” bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2016 yili unga “Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq rassomi” unvoni berildi. bugungi kunda yoshlarga ranglar jilosini o‘rgatib kelmoqda.
Tadbir ishtirokchilari rassomning yangi ko‘rgazmasida namoyish etilgan asarlari bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA