Yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra, deydi xalqimiz. Darhaqiqat, harakatda bo‘lgan odam sog‘lom bo‘ladi. Ishiga, umriga baraka yog‘iladi. Lekin hech bir zamonda ko‘rganmisiz yoki eshitganmisiz yurgan odamga davlat tomonidan rag‘bat berilganini? Uning har bir qadamiga pul berilishini? Bunaqasi bo‘lmagan.

Esimda, bundan 40-50 yillar muqaddam ish kunlari bozor-o‘char yoki bog‘u xiyobonlarda sayr qilayotgan odamlarni tinch qo‘yishmas edi. Nega yuribsan? Nimaga bekorchisan? Qayerga ketyapsan? O‘sha paytlar bamaylixotir piyoda yurishga ham qo‘yishmas edi.

Shukr, bugun turmushimizda dorulomon kunlar shamoli esib turibdi. Ishlagan tishlayapti. Harakat qilgan inson borki, nimagadir erishyapti. To‘y qilayapti, muvaffaqiyatini nishonlyapti. O‘zgalarga mehr ko‘rsatyapti.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, oramizda bu holatlarni qoralovchilar, o‘zgacha fikr yuritadiganlar ham yo‘q emas. Borligi bir jihatdan yaxshi ham. Zero, jamiyatning yuksalishi, turmush farovonligiga erishishi turfa qarashli insonlar, har xil fikrlar qorishig‘ida vujudga keladi.

Biroz chalg‘idik. Fikrlarimiz piyoda yurishga davlatning e’tiboriyu, uning zamirida oddiy odamlar hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida edi.

10 ming qadam yurib pul topganlar soni va ularga berilgan pul miqdori ma’lum

Yoshi 90 ga yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da har kuni o‘nlab kilometr piyoda yuradigan insonlarni eshitganmisiz yoki shahringizda, mahallangizda, qishlog‘ingizda ko‘proq kimlar piyoda yurishiga razm tashlaganmisiz. Mushohada yuritganmisiz?

– O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Turizm va sport vazirligi tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi” platformasiga asosan 10 ming qadam yurgan insonlarni rag‘batlantirish tizimi joriy etilgan edi. O‘tgan yil davomida mazkur platforama tufayli 1 million 200 ming nafardan ziyod fuqaro ushbu platforma tufayli mablag‘li bo‘ldi. Boshqacha aytganda 10 ming qadam va undan ortiq yurganlarga 47 milliard sum mablag‘ tulab berildi, – deydi Turizm va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Zarina Abdullayeva.

Haqiqatan, mamlakatimiz aholisining salomatligini mustahkamlashga qaratilgan mazkur sog‘lom turmush tarzi platformasining joriy etilganligi ancha xayrli bo‘ldi.

O‘z sog‘lig‘ingiz o‘zingizga kerak

– Yoshim 75 da. O‘tgan yili 10 ming va undan ortiq qadam yurgan insonlarga pul berish tizimining joriy etilganligi zo‘r ish bo‘ldi. 2009 yildan beri piyoda yurishni kanda qilmayman. Avvalo, o‘z sog‘lig‘ingiz o‘zingizga kerak. Qarang, kuniga 30-35 ming qadam yuraman. Shuni evaziga o‘tgan yili har kuni hisobimga 3 ming sumdan pul kelib tushdi. Bir oyda o‘rtacha 450-400 mingdan pul ishladim. Bundan tashqari telefonimga 100 M/b tashlab berishadi. Hech bir zamonda eshitganmisiz, davlat o‘z sog‘ligini o‘ylaydigan odamlarni rag‘batlantirganini? Buning qadriga yetish kerak. Piyoda yurish, ko‘proq toza havoda sayr qilish, imkon bo‘lsa doimiy tarzda cho‘milish bilan shug‘ullanmoq lozim, – deydi poytaxtning Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi Abduqahhor ota Qo‘chqorov.

Yana bir suhbatdoshimiz Shayxontohur tumanida yashayotgan 68 yoshli Abduvahob ota Baratov bundan bir necha yil avval shifokorlarning tavsiyasi bilan piyoda yurishni boshlaganligi natijasida dardlaridan forig‘ bo‘lganligini aytib berdi.

– Avvallari piyoda yurishga u qadar e’tibor bermasdim. Buning koni foydaligini yura boshlaganimdan so‘ng bildim. Ayniqsa, Hukumatimiz tomonidan yurganga pul berish tizimi joriy etilishi piyoda yuradiganlar safini yanada kengaytirdi. Bundan ikki yil muqaddam yurishni boshlaganimda shahar ko‘cha va xiyobonlarida sayr qilayotganlar kamchilik edi. Ushbu platforma sabab yuruvchilar safi ancha kengaydi. Hozirda kuniga 10 kilometrdan ko‘proq masofani bosib o‘taman. Yurish vaqtim ertalab, peshin va kechki paytga taqsimlangan, – deydi A.Baratov.

10 ming qadamga 100 million

Turizm va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning mart oyidan e’tiboran www.1hls.uz platformasida kuniga 10 ming qadam yurgan fuqarolarni rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy qilinishi bo‘yicha loyiha ishlab chiqilmoqda.

Unga ko‘ra, platforma foydalanuvchilarini yanada ko‘proq rag‘batlantirish maqsadida har hafta bitta 100 million so‘m miqdorida pul mukofoti va mingta velosiped o‘ynaladi.

Shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida g‘oliblar “Sport” telekanalida jonli efirda tasodifiy tanlab olish mexanizmi orqali aniqlab boriladi.

Xullas, yurgan odam nafaqat sog‘lom, buning ustiga sovrinli bo‘ladigan o‘zbek ahlini joriy yil davomida ko‘plab sovg‘alar ko‘tayotganligi shubhasiz. Zotan yil mobaynida 10 ming qadam yurgan holda bir millionli bo‘lishingiz yoki hech bo‘lmaganda xonadoningizga yangi velosiped kirib kelishi ehtimoldan yiroq emas. Faqat sog‘lom turmush tarziga amal qilsangiz bas.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA