ONLAYN

Parlament quyi palatasi majlisida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021 yildagi faoliyati sarhisob qilinar ekan, keyingi yillarda palata faoliyati tubdan o‘zgarib borayotgani alohida qayd etildi.

Xususan, deputatlarning saylovchilar bilan muloqoti va palataning murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

— Saylovchilar bilan muloqot qilish deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda, — dedi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov. — Deputatlarimiz har oyning yakunida bir hafta mobaynida o‘z saylov okruglarida bo‘lib, aholini qiynayotgan masalalarni o‘rganishmoqda, ularni hal etish choralarini ko‘rayotir. Joylarda faoliyat yuritadigan deputat yordamchisi instituti joriy etildi va bu o‘z natijasini bermoqda.

Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha ham tizimli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Palatamiz tarkibida murojaatlar bilan ishlaydigan alohida sektor tashkil etildi. Shuningdek, deputatlar portali sinov tariqasida ishga tushirildi.

Aholining palata deputatlariga murojaat yo‘llash imkoniyatini yanada oshirish maqsadida har bir deputat tomonidan murojaatlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali ham qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Hisobot davrida deputatlarning telefon va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali saylovchilar tomonidan jami 15 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan.

Quvonarlisi, murojaatlarning mazmun-mohiyati ham o‘zgarmoqda. Ariza va shikoyatlardan ko‘ra qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar berilyapti. Bir qator kodeks va qonunlarga o‘zgartish kiritish bo‘yicha 400 dan ortiq takliflar berildi. 50ga yaqin qonun hujjatlarini takomillashtirishda bu takliflar inobatga olindi. Bunday takliflar kundan-kunga ko‘payapti. Yaxshi taklif bergan fuqarolarni keyinchalik qo‘mitalarga taklif qilishni yo‘lga qo‘yamiz, — dedi N.Ismoilov.

Muhtarama Komilova, O‘zA