Qishqi ta’til kunlarida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalar turar joyida tashkillashtirilgan uchrashuv kechasi yoshlarga zavq bag‘ishladi.
Turkmaniston Respublikasidan kelib ta’lim olayotgan yoshlarning qishki ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli tadbirlar tashkil etildi. O‘quv yurti rektori Axmed Reymov talabalarning yashash sharoiti bilan tanishdi.
Talabalar turar joyida barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Turli to‘garaklarda turkmanistonlik talaba qizlar ham hunar o‘rganmoqda.
– Mahalladan ustoz sifatida biriktirilgan mutaxassislar yoshlarga mahorat darsini o‘tmoqda, – deydi rektorning Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi I.Seytnazarova. – Xotin-qizlar kengashi qoshida tashkillashtirilgan “Chevar qo‘llar” tikuvchilik to‘garagi va “Qizlarjon” klubi a’zolarining hunarmandlik buyumlarining ko‘rgazmasi namoyish etilib, hunarmand qizlarning mehnati yuqori baholandi.
Talaba yoshlar bilan bir piyola choy ustida suhbat uyushtirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA