Harakatning sobiq matbuot kotibi Muhammad Afif halokatiga javoban, Hizbulloh Tel-Avivga hujum uyushtirishni mo‘ljallamoqda.

Bosh kotib Shayx Naim Qosim bu haqda Isroil rejimi Bayrutning yuragiga hujum qilgani va shu bois endi qarshi javobni kutishi kerakligini aytdi. Shuningdek, u chorshanba kuni televideniye orqali bergan bayonotida Ijroiya kengashning marhum rahbari Hoshim Safiddinni ham olqish bilan eslagan. Livan poytaxti ushbu hujumlar ostida yolg‘iz tashlab qo‘yilmasligi, “dushman” buning uchun albatta tovon to‘lashini ta’kidlab, asosiy nishon Tel-Aviv markazi ekanini bildirdi.

– Isroil zarbalari shiddatli bo‘lsa-da, Hizbulloh ham kuchli va qobiliyatli kadrlarga ega, – dedi u. – Livanga qarshi ikki oylik keng qamrovli urushdan keyin ham munosib qarshilik ko‘rsatilayotgani kuchli bardoshimizdan darak. Sionistik rejim uzoq davom etadigan jangga tayyorlanayotgan Hizbullohni hech qachon mag‘lub eta olmaydi. Biz jang maydonida qolamiz va qancha talafot ko‘rishimizdan qat’i nazar, kurashamiz. Albatta, raqibni ham jiddiy oqibat kutadi. Ularning maqsadga erisha olmasligi bizning g‘alabamizni anglatadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA