Joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida Orolbo‘yida kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Respublikada ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha sohada amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga olib chiqildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri birinchi o‘rinbosari Niyetbay Nurjanov. – Prezidentimizning 2024 yil 9 yanvardagi “2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilda 120,7 ming nafar aholini doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda bandligini ta’minlash dasturi tasdiqlandi. Mazkur dasturga asosan, xizmat ko‘rsatish sohasida 41,5 ming, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 65,2 ming, investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 9,3 ming hamda qurilish sohasida 4,7 ming nafar aholini daromadli mehnat bilan band qilish vazifasi belgilangan.
Qaror talabiga muvofiq, tashkil etiladigan ish o‘rinlari hisobini yuritish hamda haqqoniyligini ta’minlash maqsadida vazirlik tomonidan “yangiish.mehnat.uz” elektron dasturi ishga tushirildi. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish yuzasidan shtab tashkil etildi.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 112,8 ming nafar, shundan, xizmat ko‘rsatish sohasida 53,6 ming, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 52,8 ming, qurilish sohasida 4,2 ming, investitsiya loyihalarini ishga tushirish orqali 2,2 ming nafar aholi yuqori daromadli yangi ish bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbarining Sayxunobod va Uychi tumaniga tashrifida bergan topshirig‘i asosida mahallalarda tomorqadan foydalanish bo‘yicha namunali xonadonlarni tashkil etish orqali aholi daromadlarini oshirish belgilab olindi. Xususan, aholi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish, kamida 2-3 marta hosil olish imkoniyati belgilandi. Mahallalarda tomorqalardan samarali foydalangan holda aholi daromadlarini oshirishning asosan 5 ta mezoni joriy etilmoqda.
“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalar muayyan turdagi mahsulotlarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Aholi xonadonlarning ekin yer maydonlarida bir xil turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Aholi tomorqa maydonlarida ixcham issiqxonalar tashkil etiladi.
Respublikada ishsizlik va kambag‘allik darajasini tushirishda yaratib berilgan yangi mexanizmlar va moliyaviy instrumentlar muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, o‘tgan yil davomida 27,7 ming oila kambag‘allikdan chiqarilishi natijasida kambag‘allik darajasi 6 foizga tushirilishiga erishildi.
Hokim yordamchisi mahalladagi ishsizlarni xohish istaklari hamda mehnat bozoridagi talabdan kelib chiqib, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qishga jalb etmoqda. Xususan, joriy yilda 11 ming nafar fuqaroni kasbga o‘qitishga jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan 9 oy mobaynida 11,7 ming nafar ishsiz va maktab bitiruvchisi kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qishga jalb etildi.
Vazirlik tasarrufidagi 1 ta “Ishga marhamat” monomarkazi va 3 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi hamda 48 ta mahalla maskani bitiruvchilariga hokim yordamchisi biriktirilib, ularning bandligi nazoratga olingan. Jumladan, mazkur markazlarni bitirgan 4 ming 686 nafar ishsizdan 3 ming 562 nafarining bandligi ta’minlandi.
Bandlik organlari hamda hokim yordamchilari orqali 29,7 ming nafar fuqaro doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi. Shuningdek, 6,3 ming nafar ishsiz bir martalik haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qilindi. Hokim yordamchilari tavsiyalariga asosan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun 27,7 ming nafariga 386,9 milliard so‘mlik kredit mablag‘i ajratildi.
Hokim yordamchilari ko‘magida umumiy qiymati 12,5 ming mikro-loyihani amalga oshirish orqali 17 ming doimiy ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan davrda 11,7 mingta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 15,8 ming yangi ish o‘rni tashkil etildi. Buning natijasida, fuqarolarning bandligi ta’minlanib, ularning daromadlari va xarid qobiliyati oshmoqda. Bundan tashqari, dehqonchilik qilish uchun ekin maydonlari ijara asosida ajratilib, 9,4 ming nafar aholi daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Muhim vazifalardan biri bu xavfsiz, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yishdir. Joriy yilda 59,7 ming nafar fuqaro Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga ishlashga ketgan.
Prezidentimizning 2024 yil 4 apreldagi “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni orqali agentlik faoliyati trancformatsiya qilinib, xorijdagi vakolatxonalarni kengaytirish belgilandi. O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlarida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimini joriy etish topshirildi.
Joriy yildagi eng ustuvor vazifa 2,8 ming nafar aholini kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitish orqali 7,2 ming nafar fuqaroni rivojlangan davlatlarda ishga joylashtirish, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, nomzodlarni kasb va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yangi bosqichga olib chiqish. Jumladan, 5,6 ming nafar fuqaroning xorijiy davlatlarga tashkiliy va manzilli tartibda ishga joylashishiga ko‘maklashildi. Yil boshidan xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarning 1,8 ming nafari 30 ga yaqin turdagi kasbga va 300 nafari nemis, ingliz, koreys, yapon va boshqa chet tillarga o‘qishga jalb qilingan.
Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan 651 ta tekshirish va o‘rganish o‘tkazilib, 4 ming 109 ta qonun buzilishi aniqlandi. Aniqlangan qonun buzilishlari yuzasidan 370 ta holatda 885,4 million so‘m jarima qo‘llanildi hamda 147 ta yozma ko‘rsatma berildi. Mehnat muhofazasi va buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan 1 ming 317 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi. Shundan, 705 ta murojaat qanoatlantirildi va 815 nafar fuqaroning buzilgan mehnat huquqi tiklandi. Nazorat tadbirlari natijasida 489 nafar fuqaroning jami 1,9 milliard so‘mdan ortiq ish haqi undirib berildi.
Kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand aholiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida vazirlik tizimidagi jamg‘armalar tomonidan jami 27,1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri