Misrning “Bugungi xabarlar” nashri “O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 10 oy ichida qariyb bir million nafar ko‘paydi” sarlavhali maqola e’lon qildi.

Maqolada joriy yil yanvar-oktyabr oylari oralig‘ida yurtimiz 6,5 millionga yaqin turist qabul qilgani, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 951 ming nafar yoki 17,2 foiz ko‘pligi, diyorimizga faqat oktyabr oyining o‘zida 800 mingga yaqin xorijiy sayyoh kelgani e’tirof etilgan. Bu miqdorni tashkil etgan yetakchi davlatlar ro‘yxati quyidagi ko‘rinishni hosil qilgan: Tojikiston – 1,878 million, Qirg‘iziston – 1,87 million, Qozog‘iston – 1,26 million, Rossiya – 686 700, Turkmaniston – 145 000, Xitoy – 57 700, Hindiston – 55 900. Oktyabr oyida esa Turkiya, Xitoy, Hindiston, Italiya va Janubiy Koreya fuqarolari ko‘proq O‘zbekistonni tanlagan.

Raqamlar o‘sib borayotgan turistik oqim iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, xizmatlar xilma xilligi oshib, ko‘lami kengayishi, bandlik ta’minlanishi, sifat ko‘arilishiga turtki berishidan dalolat. Shu bilan birga ushbu holat ichki bozorda qo‘shimcha iste’mol talabini vujudga keltiradi. Bunda iste’mol mollari, xususan oziq-ovqat mahsulotlari va transport xizmatiga taklif ko‘payib, kelgusida iste’mol narxiga inflyatsion bosim yuzaga kelishining oldi olinadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA