O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, huquqbuzarlik sodir etish va undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko‘rsatish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari bilan elektron axborot almashish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi ham nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshiriladigan shaxslar doirasi va ijtimoiy profilaktika ob’ektlarini aniqlash, ularga doir ma’lumotlarni “mahalla yettiligi”, shuningdek, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda taqdim etish tartibi;
“mahalla yettiligi” hamda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish tartibi;
“mahalla yettiligi” hamda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish, shuningdek, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini yakunlash tartibi belgilab berilgan.
Qarorga muvofiq, mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlarining to‘liq, izchil va samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida “mahalla yettiligi”ga hamda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlariga “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
“E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimi Mahallaning yagona platformasi bilan integratsiya qilinib, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida elektron axborot almashinuvi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA