Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining 6-turi doirasidagi uchrashuvlar bugun davom etadi.
Bu turning markaziy uchrashuvlaridan birida “Istiqlol” safarda “Al-Ahli” mehmoni bo‘ldi. Mazkur bahs jangovar 2:2 hisobida yakunlandi. Biz uchun bu o‘yinning ahamiyatli jihati shundaki, unda terma jamoamiz a’zosi Jaloliddin Masharipov asosiy tarkibda maydonga tushib, 87 daqiqa harakatlandi. Futbolchimiz ushbu daqiqalar davomida bitta xavfli vaziyat yaratib, sheriklariga 18 ta aniq to‘p uzatdi va 1 ta muvaffaqiyatli driblingni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Osiyo chempionlar ligasining 6-turidan o‘rin olgan “Persepolis” – “Al-Shorta” jamoalari o‘rtasidagi bahs 2:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvning 19-daqiqasida Ali (Al-Shorta) hisobni ochgan bo‘lsa, 89-daqiqada jarohatdan qutulgan mahoratli futbolchimiz Oston O‘runov imkoniyatni tenglashtirdi. 90+13-daqiqada esa Gvelesiani gol urib, “Persepolis”ga muhim g‘alabani keltirdi.
Shuningdek, bu turda “Al-Vasl” “Al-Rayyan” bilan 1:1 hisobida durang qayd etgan bo‘lsa, “Al-Nasr” o‘z maydonida “Al-Sadd” klubiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bugun, 3 dekabr kuni “Paxtakor” – “Al-Ayn”, “Al-Hilol” – “Al-Garafa” bahsiga guvoh bo‘lamiz. Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” va “Al-Ayn” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin “Jar” stadionida soat 19:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA