O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida barcha sohalar bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Sport vazirligi mutasaddilari va tarkibiy tuzilmalar xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Davlat rahbarining belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib, sport sohasida ham aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Jumladan, har bir tuman va shahar kesimida 2024 yil yakunlarini sarhisob qilish va kelgusi 2025 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar to‘laqonli aks ettirilgan dasturlarni ishlab chiqish lozimligi aytildi.

2025 yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil“ iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilingani munosabati bilan mamlakat jismoniy tarbiya va sport tizimida “Yashil makon” umummilliy dasturini amalga oshirish va energiya tejamkorligi bo‘yicha choralarni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, 2025 yili poytaxtimiz Toshkentda yoshlar o‘rtasida o‘tadigan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, qishki Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etish, 2026 yilda Milan shahrida o‘tkaziladigan qishki Olimpiada o‘yinlari va Toshkentda o‘tkaziladigan Butunjahon Shaxmat olimpiadasi hamda 2028 yili Los Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga aniq reja va strategiyalar bilan munosib ishtirok etish kabi bir qator masalalar yuzasidan tarkibiy tuzilmalarning mas’ul xodimlariga aniq topshiriqlar berildi.

Sohada mavjud resurslardan samarali foydalanish va natijadorlikni oshirish uchun yangi-yangi yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalasida  vazifalar belgilandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA