Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003 yil 21 noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004 yildan boshlab “9 dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida belgilangan.

Ushbu sana munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasida tadbirkorlik sub’ektlari, talaba-yoshlar, ommaviy axborot vositalari hamda blogerlar ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Bugungi kunda soliq organlarining asosiy vazifasi davlatning soliq siyosatini amalga oshirish, soliq bo‘yicha qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga amal qilinishini, soliq va yig‘imlarning to‘g‘ri hisoblanishini, to‘liq va vaqtida to‘lanishini ta’minlashdan iborat. Shuningdek, soliq organlariga pul mablag‘larining qonunga xilof aylanishiga chek qo‘yish, pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslardan naqd pul tushumi to‘liq va vaqtida topshirilishi bo‘yicha uzluksiz nazoratni ta’minlash va boshqa majburiyatlar belgilangan.

Ta’kidlanganidek, korrupsiya – alohida jamiyatlarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan jinoyat hisoblanadi. U ishbilarmonlik, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalarda zararli oqibatlarga olib keladi. Bugungi kunda Korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda jamiyat va davlatning ustuvor umumiy maqsadiga aylandi.

Boshqarma tomonidan 2024 yilning 10 oyi davomida 61 ta profilaktik majlis o‘tkazildi. Shuningdek, 2024 yilning 1 noyabridan 29 noyabriga qadar cheklangan xodimlar o‘rtasida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan beg‘araz munosabatni shakllantirishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” o‘tkazilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilib, ularga soliq organlari xodimlari tomonidan tamagirlik, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilgan taqdirda xabar berishi mumkin bo‘lgan aloqa kanallari ko‘rsatilgan broshyuralar tarqatilmoqda. Shu bilan birga, ushbu illatga qarshi kurashish yo‘nalishlarida muntazam ravishda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ayblanuvchi xodimlarga nisbatan jazo choralari qo‘llanilmoqda.

Uchrashuvda soliq boshqarmasi va uning bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2024 yil uchun byudjet tushumlariga belgilangan 2 trillion 850,9 milliard so‘mlik prognoz ko‘rsatkichi joriy yil 1 noyabr holatiga 2 trillion 437,4 milliard so‘mga, ya’ni 85,5 foizga bajarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 120,5 foizga oshgan.

Uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri