Sud-huquq sohasi faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatib, ularning tajribasini yosh sudyalarga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi hamkorligida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.
Videokonfrensaloqa orqali o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, sud faxriylari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining sudya va xodimlari, ularning ota-onalari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Sud-huquq sohasidagi islohotlar inson huquqlarini ta’minlashning muhim omili ekanligi, talaba-yoshlarga odil sudlov inson manfaatlari himoyasining garovi ekanligi tushuntirildi. Shuningdek, “Poklanish pallasi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Mazkur kitob taqdimotida so‘z olganlar, uning ahamiyati haqida gapirib, unda farzand tarbiyasi, insonning axloqiy qarashlari, davlat va jamiyatda yuz berayotgan yangilanishlarga bo‘lgan munosabat, daxldorlik hissi va huquqiy davlatning muhim shartlaridan biri bo‘lgan qonun ustuvorligiga oid fikrlar aks etganligini ta’kidladi.
Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar yosh sudyalar va sud xodimlarini tafakkur qilishga, adolatli va faqatgina qonunlarga muvofiq pok vijdon bilan ishlashga, inson taqdiri va qadri uchun yanada mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. O‘zaro suhbat va muloqotda mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani ta’kidlandi.
Sud faxriylari hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdi. El-yurt ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbariga yaqin ko‘makchi, kamarbasta bo‘lish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz o‘rtasida kechgan samimiy suhbatlarning bosh mavzusiga aylandi.
Tadbirda yosh avlod vakillariga O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyevning “Poklanish pallasi” kitobi esdalik sifatida topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri