Yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida qoraqalpog‘istonliklar ham faol ishtirok etib, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik inqirozlar xavfini kamaytirish ishlarida namuna bo‘lmoqdalar.
Nukus tumani “Diyqan arna” mahalla fuqarolar yig‘inida “Mahalla obod – el obod” shiori ostida tashkil qilingan kuzgi ko‘chat ekish ishlariga barcha ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlaridan faollar, nuroniylar va yoshlar jalb etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi mas’ul vakillari hamda nuroniylar yashil hududlarni barpo etish va ko‘paytirish global ekologik inqiroz sharoitida hal qiluvchi vazifa ekanligini ta’kidlab, barchani mana shunday ezgu ishda faol bo‘lishga chaqirdi.
Mahalla fuqarolar yig‘inida bog‘ yaratish maqsadida oldindan tayyorlangan 2 gektar maydonga mevali daraxt ko‘chatlarini ekishga start berildi. Shu kuni jami 500 tupdan ortiq olma, shaftoli, nok kabi meva ko‘chatlari o‘tqazildi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat,video),O‘zA