O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanmoqda.

Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahri merining mamlakatimizga tashrifi o‘zaro hamkorlik rivojida muhim voqea bo‘ldi.

Seul shahri meri Pak Von Sun
 O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish menga ulkan sharaf bo‘lib, katta mamnuniyat bag‘ishladi.

O‘zbekiston mustaqilligi yillarida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, yuksak natijalarga erishildi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In ham shunday fikrda. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Prezidentini Janubiy Koreyaga davlat tashrifi bilan borishga taklif etgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Toshkent shahar hokimligidagi uchrashuv samarali bo‘ldi. Birodarlashgan poytaxtlarimiz o‘rtasida yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Endigi vazifamiz Seul va Toshkent o‘rtasidagi hamkorlikni aniq loyihalar, amaliy natijalar bilan yanada boyitishdir. Tashrifimiz davomida bu boradagi intilishlarimiz, o‘zaro muvofiq sa’y-harakatlarimiz aks etgan hujjatlarni imzoladik, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan kelishuvlarga erishdik.

Poytaxt shaharlarimiz hamkorligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda alohida ahamiyatga ega.

 

Anvar Samadov, O‘zA