16 dekabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis “O’zbekiston” va “O’zReport” telekanallari, Oliy Majlis Senati rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jonli efirda uzatildi.

Dastlab senatorlar Toshkent shahar hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisobotini eshitdi.

Toshkent shahrini har tomonlama rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi. Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida Toshkent shahri bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,8 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,1 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 31,2 million so‘mdan ortiqni tashkil etgan.

Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlaridagi 8 ta kichik sanoat zonasida 1 trillion 237,3 milliard so‘mlik 582 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 239,2 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.

Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yashnobod, Yangihayot tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar doirasida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida umumiy qiymati 6,8 trillion so‘mlik 120 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 11 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Jami 911,9 million dollar miqdorida mahsulotlar eksport qilinib, reja 137,2 foizga bajarilgan, eksport geografiyasi 80 ga yaqin mamlakatni qamrab olgan.

Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga asosan 221 ta loyiha doirasida 2 trillion 946,6 milliard so‘mlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobarga oshgan.

Shuningdek, “Raqamli Toshkent” dasturi doirasida geografik axborot-tahlil tizimi – Geoportal joriy qilinib, unga vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq axborot tizimlari integratsiya qilingan.

Shahar infratuzilmasi va davlat xizmatlari sifatini ta’minlash bo‘yicha faol jamoatchilik nazoratini olib boruvchi “Xalq nazorati” portali va uning mobil ilovasi ishga tushirilgan. Portal orqali fuqarolardan kelib tushgan 3 mingdan ortiq muammoli masalaning 2 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgan.

Toshkent shahrini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilishi bilan bir qatorda, ayrim muammolar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mavjudligi ham qayd etildi. Jumladan:

davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha 2020 yil va 2021 yilning o‘tgan davri davomida 30 nafar mulkdorga kompensatsiya mablag‘i to‘lab berilmagan;

jamoat transportining o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash, ayniqsa, aholi gavjum nuqtalarda yo‘lovchilarning bir transportdan ikkinchi transportga qisqa vaqtda xavfsiz o‘tish imkoniyatini yaratish maqsadida qo‘shimcha ravishda transport-o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish zarurati mavjud.

Qayd etilganidek, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalar tasarrufidagi avtobuslarning 16,6 foizi (196 tasi) texnik nosozligi bois harakat muntazamligi ta’minlanmayapti, yo‘lovchilarning avtobuslarni kutib turish vaqti ayrim yo‘nalishlarda 25-40 daqiqani tashkil qilmoqda.

Toshkent shahrida oqova suvlarni qabul qilish bo‘yicha mavjud Salar, Bo‘zsuv va Bektemir inshootlarida suv tozalash samaradorligi loyiha bo‘yicha 75 foizni tashkil etadi, biroq bugungi kunda ushbu inshootlar 35,5 – 51,3 foiz quvvat bilan ishlamoqda.

Shaharda qurilish ob’ektlarining keskin ko‘payishi natijasida hosil bo‘layotgan changlarni suv sepib bostirish choralari yetarlicha ko‘rilmayotganligi atmosfera havosiga changlarning me’yordan ortiq chiqarilishiga olib kelmoqda.

Joriy o‘quv yilida Toshkent shahridagi 25 ta umumta’lim maktabi 2,1 koeffitsiyentdan yuqori quvvat bilan faoliyat yuritmoqda, 2026 yilda maktab yoshidagi bolalar soni 496,1 mingga yetishi kutilayotganligi bois yangi maktablar qurishga ehtiyoj ham ortib bormoqda.

Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra jinoyatchilik va huquqbuzarliklar darajasi 2020 yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga ortgan.

So‘nggi yillarda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan birga, firibgarlik jinoyatining yangi turlari ham kelib chiqmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida axborot texnologiyalari sohasida jami 580 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 barobarga oshgan.

Psixotrop hamda kuchli ta’sir etuvchi moddalar, nazorat ostidagi dori-darmonlarning aholi orasida noqonuniy muomalasi keskin avj olib borayotganligi kriminogen vaziyatga jiddiy tahdid solmoqda. Ichki ishlar organlari tomonidan 59 ta dorixonada o‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 66 ming donadan ortiq turli xildagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy sotilishi holatlari aniqlanganligi buning yaqqol tasdig‘idir.

Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlanib, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglandi va muhokama etildi.

Muhokama yakunida Toshkent shahrida o‘z yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng yalpi majlisda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, senatorlar tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi hududlar kesimida o‘rganib chiqilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan bu borada qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida jami 18,1 trillion so‘m, shu jumladan, davlat foydasiga 7,5 trillion so‘m amalda undirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan umumiy undiruv 2,3 barobarga, davlatga undiruv 2,4 barobarga oshgan.

Joylardagi davlat idoralarining amaliy yordami bilan 16 968 nafar ehtiyojmand qarzdorning 9 751 nafari ish bilan ta’minlanib, 39 nafariga imtiyozli kredit ajratilgan. 366 ta qarzdorlikning to‘lash muddati uzaytirilgan, 6 ta tashkilotga investorlar jalb qilingan.

Shu bilan birga, majburiy ijro sohasida ayrim o‘z yechimini topishi zarur bo‘lgan masalalar ham mavjud ekanligi ta’kidlandi. Jumladan:

sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosi to‘liq va o‘z vaqtida ta’minlanishi;

jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari asosida qoplanishi va ushbu masalani yakuniga yetkazish choralari ko‘rilishi;

aliment qarzdorligi bilan bog‘liq ijro hujjatlarini to‘liq va o‘z vaqtida ijrosi ta’minlab borilishi, shu jumladan, ishsiz aliment to‘lovchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilishi kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

O‘z o‘rnida, senatorlar tomonidan ijro tizimiga tegishli idoralar bilan birgalikda axborot texnologiyalarini keng joriy etgan holda ijro tizimida fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish choralari ko‘rilishi zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi hamda ushbu masala parlament nazoratida qoldirildi.

So‘ngra eksport hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ochiq va har tomonlama muhokama jarayonida ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, mamlakatimiz korxonalari, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.

Tashqi savdo hajmlarining izchil o‘sishini ta’minlash va eksportni rag‘batlantirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgartirishlar tizimli asosda tatbiq etilmoqda. Xususan, valyuta siyosati liberallashtirilib, bir qator ma’muriy va byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi. Eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlarining narxini belgilash va ularga haq to‘lashning bozor mexanizmi yo‘lga qo‘yildi, eksport qiluvchilar uchun qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar joriy etildi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tashqi savdo hajmining barqaror o‘sish dinamikasi kuzatilyapti. Jumladan, 2017 yilda 26,5 milliard dollarni, 2018 yilda 33,4 milliard dollarni, 2019 yilda 41,7 milliard dollarni, 2020 yilda 36,3 milliard dollarni tashkil etgan. 2021 yilning yanvar-oktyabr oylarida bu ko‘rsatkich 32,6 milliard dollarni tashkil qilgan, shu jumladan, eksportga 12,4 milliard dollar, importga esa 20,2 milliard dollar to‘g‘ri kelgan.

Eksport qiluvchi korxonalar soni 5 400 taga yetib, so‘nggi to‘rt yilda
1 891 taga (35 foiz) o‘sdi, bu, o‘z navbatida, 561 million dollarlik qo‘shimcha eksportni ta’minladi.

Mamlakatimiz eksport tarkibida xomashyo ulushi kamaydi. Jumladan, agar 2017 yilda xomashyo tovarlari jami eksport umumiy hajmining 25 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich 16 foizga qisqardi.

Eksport qilinadigan tovarlar nomenklaturasi sezilarli darajada diversifikatsiya qilindi, 2021 yilga kelib 2 365 nomga yetdi.

Shu bilan birga, Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan salbiy omillar Senat a’zolarini jiddiy xavotirga soldi.

Xususan, normativ-huquqiy hujjatlarning tez-tez o‘zgarib turishi va ularning eksport qiluvchi korxonalar tomonidan tartibga solish ta’sirini to‘g‘ri baholanmasdan turib qabul qilinishi ularning faoliyatida qiyinchiliklarga olib kelmoqda.

Eksport qiluvchilar tomonidan sug‘urta xizmatlaridan garov sifatida foydalanganda sug‘urta mukofotini qoplash, shuningdek, savdo uylarini ochish va saqlab turish, ofis, savdo va omborxonalarni ijaraga berish, xorijda reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash mexanizmlari talab darajasida ishlamayotgani ham senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Muhokama chog‘ida mamlakatda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan, mahalliy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirish va sertifikatlash imkoniyatiga ega bo‘lgan milliy laboratoriyalar mavjud emasligi tanqid qilindi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning Vazirlar Mahkamasiga tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida yuzaga kelayotgan muammolarning ekologiya hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining ekologik va biologik muhitini yaxshilash, undan foydalanish samaradorligini oshirish bilan bog‘liq muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” DUK tashkil etilib, ko‘llar tizimining qirg‘oq bo‘yi mintaqalarida baliq yetishtirish parvarishxonalari, inkubatsiya sexlari hamda baliq o‘stirish havzalarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanishda qator muammoli masalalar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.

Xususan, ko‘llar tizimining suv hajmi 1994-2000 yillarda 44,1 milliard m3 bo‘lgan bo‘lsa, “Chordara” suv omboridan 2013-2021 yillarda ko‘llar tizimiga suv tashlanmaganligi bois suv hajmi 34 milliard mgacha pasaygan.

Suv sathining pasayishi va suv tarkibining sho‘rlanishi natijasida ayrim qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga ortga chekinib, 15-20 sm gacha tuz qatlami hosil bo‘lgan. Bu esa kuchli shamol vaqtida tuzli changlarga sabab bo‘lmoqda, qishloq xo‘jaligi yerlari ekin maydonlari va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qayd etilganidek, ko‘llar tizimida baliqchilik sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan.

Baliq zaxiralarini saqlab qolish va himoya qilish bo‘yicha nazorat tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida noqonuniy baliq ovlash holatlari uchramoqda.

Ko‘llar tizimi hududida belgilangan me’yorlar asosida baliqlantirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, ekoturizmni rivojlantirish, suvning sho‘rlanish darajasini yumshatish ishlari tizimli tashkil etilmagan.

Baliq ovlash konturlarini ijaraga berish, ijara haqini undirish, baliq zaxiralarini muhofaza etish, ovlash qoidalariga rioya qilishni nazoratga olish, baliq ovlashda foydalanadigan texnikalarni ro‘yxatga olish va ularning nazoratini yuritish ishlari turli davlat organlariga yuklatilgan va ularning faoliyati muvofiqlashtirilmagan.

Ko‘llar tizimidan foydalanish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlarda nomuvofiqlik holatlari mavjud. Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha tuman (shahar) inspeksiyalariga Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini muhofaza qilish bo‘yicha shtat birliklari ajratilmagan.

Muhokama yakunida ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish yuzasidan Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.

Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 3-bandi va “O‘zbekiston  Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni 9-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq Shuhrat Muhammadovich Mahmudov, Rustam Rahmonovich Haydarov va Djamol Jahonovich Choriyevni o‘n yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng yalpi majlisda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining 2020 va 2021 yilning o‘tgan davridagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida qo‘mita tomonidan 3 ta qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan. Xususan, qonunlar hududlar manfaatlari nuqtai nazaridan kelib chiqib, tanqidiy tahlil qilingan. Qonunlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida soha mutaxassislari, tajribali amaliyotchilar va jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda muhokama qilinib, Senat yalpi majlisiga kiritilgan.

Shuningdek, qaror qabul qilish va ijro etishning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutuvchi 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qizg‘in muhokamalar asosida qabul qilingan.

Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 22 ta tadbir o‘tkazilgan. Jumladan, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish sohasidagi qonunlarning joylardagi ijrosi 4 marotaba, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini ta’minlash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish kabi sohalarda 7 marotaba o‘rganishlar olib borildi.

O‘tgan davr mobaynida qo‘mita tomonidan 4 316 ta turli tadbirlar o‘tkazilgan.

Qo‘mita o‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek, keng jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raislari bilan faol hamkorlik hamda o‘zaro muloqot yo‘lga qo‘yilgan.

Xotin-qizlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilgan natijalar va o‘z yechimini kutayotgan masalalar atroflicha muhokama qilinib “O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusida ayollar forumini o‘tkazish an’anaga aylangan.

Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yil ayoli”, “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Senatga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan qo‘mita tomonidan 2 ta parlament so‘rovi tayyorlangan.

Joriy yilda qo‘mita tomonidan Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mahallalardagi holat, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash to‘g‘risida masala kiritilgan.

Qonunlar ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunosti hujjatlar qabul qilinishi jarayonini o‘rganish faoliyati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan birgalikda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”, “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida” va “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini amalga oshirishga qaratilgan qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi hamda amalda qo‘llanilishi holati monitoring qilindi.

Qo‘mita a’zolari tomonidan fuqarolar murojaatlari bilan ishlar amalga oshirildi. Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 17 mingdan ortiq  yozma murojaat ko‘rib chiqilgan.

Qo‘mita a’zolari tomonidan Senatda va joylarda jami 4 mingdan ortiq fuqarolar qabul qilingan.

Hisobot davrida qo‘mita a’zolari saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va ular yechimi yuzasidan zarur choralar ko‘rish maqsadida o‘z saylovchilari bilan 562 ta uchrashuv o‘tkazgan.

Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator so‘rovi shaklidan ham samarali foydalanib, murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 85 ta senator so‘rovi yuborilgan.

Senat tomonidan ma’qullangan qonunlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, fuqarolarga davlat dasturlarini ijro etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berish maqsadida televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va bosma davriy nashrlarda 12 mingga yaqin material e’lon qilingan.

Muhokama yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati