Toshkentda 9-10 dekabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan “O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi tizimida Gender tengligi strategiyasini amalga oshirish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Agrar sohada bilimlar va innovatsiyalar (AKIS) milliy markazi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda vazirlik hamda qo‘mita xodimlari, xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Konferensiyada FAO bilan yaqin hamkorlikda o‘rmonlarni boshqarish siyosati va amaliyotida gender tengligi tamoyillari joriy etilayotgani keng muhokama qilindi. Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi tizimida amalga oshirilayotgan qator islohotlar, kelgusidagi istiqbolli harakatlar xususida fikr yuritildi.
Gender tengligi strategiyasi ilg‘or xorijiy tajriba asosida, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari va manfaatdor shaxslarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda ishlab chiqildi.
Qayd etildiki, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli Gender strategiyasining ishlab chiqilgani sohada drayver vazifasini o‘taydi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” va “Ayollarni taqiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek, milliy barqaror rivojlanish maqsadlari mazkur strategiyani ishlab chiqish uchun huquqiy asos bo‘lgan.
– O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligida gender masalalari tahlili o‘tkazildi, o‘rmonzorlar va ularga tutash aholi punktlarida yashovchi fuqarolarning fikri o‘rganildi, – dedi FAOning “O‘zbekiston tog‘ va vodiy o‘rmonlarini barqaror boshqarish” loyihasi texnik koordinatori Olimjon Qahhorov.
– Me’yoriy-huquqiy bazaning kamchiliklari aniqlandi. Olingan ma’lumotlar asosida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining Gender tengligi strategiyasi va 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Gender harakatlar rejasi ishlab chiqilib, unda o‘rmon bilan bog‘liq jamoalarning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida, FAOning “O‘zbekiston tog‘ va vodiy o‘rmonlarini barqaror boshqarish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan mazkur reja Dehqonobod, Kitob va Pop davlat o‘rmon xo‘jaliklarida amalga oshirilmoqda.
Ushbu hududlarda o‘rmonlarni barqaror boshqarish, o‘rmon hududlarining axborot tizimi va elektron xaritalarini yaratish, gender tengligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ayni damda mahalliy aholini o‘rmon xo‘jaligini boshqarish jarayoniga keng jalb qilish ishlari olib borilmoqda.
Konferensiya davom etmoqda.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA