BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi binosida 7 dekabr kuni mazkur xalqaro tashkilotning terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ni Aolayn xonim O‘zbekiston hukumatining Suriya, Iroq va Afg‘onistondan ayollar va bolalarni qaytarish va ularni reintegratsiyalash ishi bo‘yicha amalga oshirayotgan chora-tadbirlarini yuksak baholadi.

Xususan, 2019 yil may oyidan boshlab yuzlab jabrdiydalarni jang maydonidan olib chiqish va reintegratsiya qilishga qaratilgan “Mehr” operatsiyasi doirasidagi sa’y-harakatlar har qancha tahsinga sazovor ekanini alohida qayd etdi.

– O‘n kunlik tashrifim davomida O‘zbekistonning, deyarli, barcha hududini borib ko‘rdim, to‘rtta qamoqxonada bo‘ldim, fuqarolik jamiyati tuzilmalari vakillari bilan uchrashdim, jamoatchilik, oddiy fuqarolar bilan muloqot qildim, – dedi inson huquqlari bo‘yicha mutaxassis Fionnuala Ni Aolayn xonim.

– Oila birligi va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga asoslangan o‘zbek modeli repatriatsiya qilish, bola manfaatini ko‘zlash, siyosiy, huquqiy va ijtimoiy vositalar, harakatlar orqali olovli hududdan qaytgan ayollarni samarali reintegratsiya qilish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotning namunasidir.

Suriya shimoliy-sharqidagi lagerlarda minglab ayollar va bolalar o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan. BMT mutaxassislari yashash sharoiti va muomala masalasida ular zo‘ravonlik, inson ekspluatatsiyasi, tahqir va mahrumlikka duchor ekanini aytishmoqda. Bunday harakatlar xalqaro huquq normalariga ko‘ra, hech qanday huquqiy himoyasiz qiynoqqa solish yoki boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy, qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatga duchor qilish yoxud jazoga tortishga tenglashadi.

Ni Aolayn O‘zbekistonning stigmatizatsiyani bartaraf etish, asosiy huquq, jumladan, iqtisodiy va ijtimoiy huquqni ta’minlashga qaratilgan amaliy choralarini yuqori baholadi. Hukumatimizning YUNISEF va BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqa tashkilotlari, xususan, Oliy komissar idorasi bilan samarali hamkorligiga alohida urg‘u berdi.

– Repatriatsiya va reintegratsiyaning o‘zbek modeli boshqa hukumatlar o‘z fuqarolarini olovli hududlardan qaytarishi uchun yo‘l xaritasi sifatida xizmat qiladi, – deya ta’kidlarkan, Maxsus ma’ruzachi mamlakatimizda mazkur tadbir samarali, insoniy va inson huquqlariga mos tarzda amalga oshirilganini e’tirof etdi. BMT mutaxassisi boshqa hukumatlarni O‘zbekistondan o‘rnak olishga chaqirdi.

Uchrashuv so‘ngida Fionnuala Ni Aolayn jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

 

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri