O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Dushanbe shahrida “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” 14-hamkorlik forumida ishtirok etdi.

Anjumanda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, yashil iqtisodiyot, uglerod neytralligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash va raqamlashtirish sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.

Tadbirda so‘zga chiqqan A.Komilov kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha mamlakatimiz nuqtai nazarini bayon qildi. Xususan, iqlim muammolariga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston tomoni «yashil» kun tartibini ilgari surish va iqlim o‘zgarishi jarayonini jilovlash bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi. Mintaqa iqtisodiyotining uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Pandemiyaga qarshi kurashish, jumladan, vaksina ishlab chiqarish, emlanish uchun barchaga birdek qulay sharoit yaratish, vaksinani adolatli taqsimlash va emlash sertifikatlarining tan olinishini ta’minlash jarayonini izchil muvofiqlashtirishda davom etish muhimligi qayd etildi.

Raqamlashtirish sohasida tajriba almashish va innovatsion ishlanmalarni almashish uchun ekspertlar va axborot texnologiyalari mutaxassislari uchun doimiy platforma yaratish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

2022 yil Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lishini inobatga olib, ushbu muhim sanani birgalikda keng nishonlash dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Forum yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Chon Iy Yon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ikki tomonlama munosabatning dolzarb jihatlari, oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

 

Tashqi ishlar vazirligi

matbuot xizmati