Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi uch nafar mehnat faxriysi muqaddas haj ibodatiga pora berib bormoqchi bo‘ldi.

Ba’zi bir insonlarning fe’l-atvoridan hayron qolasan kishi. Ularni “soddadil” deb rahm-shafqat, hamdardlik ko‘zi bilan qaraging keladi-yu, ba’zi qilmishlarini ko‘rib “hayf!” deyishdan o‘zga chorang qolmaydi.

Qisqa muddat tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida rais lavozimida ishlagan 34 yoshli K.M ismli shaxs mehnat faxriylariga “Sizlarni navbatsiz hajga yuboraman, poytaxtdagi yuqori idoralarda ishonchli odamim bor”, deb va’da berib, ulardan 76 million so‘m miqdoridagi pulni oladi. Bu, albatta o‘zining “xolis xizmati”dan tashqari, ya’ni bankka to‘lanadigan mablag‘ edi.

“Uddaburon” rais har biri 22 million 690 ming so‘m pulni Milliy bankning tuman filialiga topshirgani to‘g‘risida qalbaki hujjatlar tayyorlab, ularning qo‘liga tutqazadi.

Ko‘p o‘tmay K.N.ning katta miqdordagi mablag‘ni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgani fosh bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hayron qolasan kishi, hajga borish istagida bo‘lgan keksalarning farzandu nabiralari, qarindosh-urug‘, qolaversa, mahalla faollari bu mashmashadan bexabar bo‘lgan bo‘lsa?! Nazarimizda bo‘lgan, faqat yana o‘sha loqaydlik, e’tiborsizlik oqibati bu.

 

Akramjon Sattorov, O‘zA