Ijtimoiy tarmoqlar aks-sadosi: Bu yil test imtihonlarida adolat bo‘ladimi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyati, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul uchun o‘tkazib kelinayotgan tadbirlar yuzasidan ba’zi saytlar orqali Davlat test markazida mavjud bo‘lmagan, kun tartibiga qo‘yilmagan masalalar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilmoqda. 
Ana shunday tushunmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida Davlat test markazining saytida qo‘yidagi dalillar keltirilmoqda.
1. Test sinovlari 1-avgustdan 15-avgustga qadar o‘tkaziladi.
2. Kirish test sinovlari natijalari sinov o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb saytida e’lon qilinadi.
3. Test sinovlari Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida, katta sig‘imdagi binolarda, viloyatlarda Olimpiya zahiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarga tegishli katta binolarda o‘tkaziladi.
4. Alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy san’at, musiqiy ta’lim, san’atshunoslik, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida test sinovlari bo‘lmaydi.
5. Test sinovi o‘tkaziladigan binolarga abituriyentlarni shaxsini indefikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya qurilmalari, metallodetektorlar orqali kirishi, jarayonni yoritish uchun monitorlar o‘rnatilishi belgilandi. Abituriyentlarning ota-onalari uchun test sinovlarini videokuzatuv orqali onlayn rejimda kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
6. Davlat test markazi xodimlarining soni keskin ko‘paytirilgan tuzilmasi qabul qilinmoqda.
7. Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘zgartirishlar Prezidentimizning 2017-yil 16-noyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan kiritilgan.

 

O‘zA