O‘zbekiston Respublikasi Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisova poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 206-saylov uchastkasida ovoz berdi.

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan ayni saylovga har qachongidan ham jiddiy hozirlik ko‘rilgani, shu kunlarda butun yurtimiz saylov ruhi bilan yashayotgani har qadamda yaqqol sezilmoqda. Fuqarolarning huquq va erkinligini, milliy saylov qonunchiligini jahon andozalariga hamohangligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Erta tongdanoq hamyurtlarimiz mamlakat siyosiy hayotida ishtirok etish uchun rostmana faollik va mas’uliyat bilan yondashayotganiga guvoh bo‘ldik.

Aytish joizki, milliy saylov tizimi muttasil takomillashib bormoqda. Rivojlangan davlatlarning bu boradagi ilg‘or tajribasi va milliy an’analarimizning o‘zaro uyg‘unlashtirilishi natijasida milliy saylov qonunchiligimizda xalqimiz o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini ta’minlaydigan jihatlar o‘z ifodasini topayotir. Bu yilni saylovlar ochiqlik, shaffoflik, oshkoralik tamoyillari asosida bo‘lib o‘tmoqda. Bunda 2019 yilda qabul qilingan Saylov kodeksi muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq demokratik partiyasi aholini ijtimoiy himoyalash, ayniqsa ehtiyojmand qatlamlarga e’tiborni kuchaytirish, ijtimoiy-ma’rifiy yo‘nalishdagi masalalarga e’tibor qaratib kelmoqda.

Hamyurtlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol qatnashmoqda. Bu esa ularning Vatan taqdiri, yurt kelajagi, farzandlarimizning ertangi kuniga mas’uliyatni astoydil his etayotganidan darak beradi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA