Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 15-son maktabning bugungi kunda ikkita filiali bo‘lib, shularning bittasi tuman markazidan 15 km uzoqlikdagi «Shuyit ovuli»da joylashgan.

Hozirgi kunda bu ta’lim dargohida boshlang‘ich sinflarda 14 o‘quvchi bilim olmoqda.

Joriy o‘quv yili bu maktab jamoasi uchun bir qator yaxshi yangiliklar bilan boshlanmoqda. Xususan, yangi o‘quv yili oldidan filial binosi qurilish-ta’mirlashdan chiqarilib, atrofi temir to‘siqlar bilan o‘rab berildi.

Shuningdek, maktabga o‘qish xonalarini elektr energiyasi yordamida isitadigan zamonaviy qozonxona (kotyol) qurildi.

Tuman Xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Murat Tadjetovning ta’kidlashicha, bo‘limga qarashli 31 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va bitta Barkamal avlod bolalar maktabi mavjud bo‘lib, shularning 17 tasi tabiiy gaz, 15 tasi qattiq o‘tin va ko‘mir bilan isitiladi. 2021-2022 yilning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tabiiy gaz bosimi yetib bormaydigan maktablarning omborxonalariga 571 tonna ko‘mir va briket joylangan.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA