Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida eng ko‘p uchrayotgan surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash va profilaktika qilish, sifatli va malakali tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish uchun o‘z takliflarini bildirdi.

Jumladan, viloyatning barcha oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar to‘liq yangi qiyofaga keltiriladi va jihozlanadi, zarur reaktiv va dori-vositalari bilan ta’minlanadi. Joylarda qo‘shimcha 30 ta oilaviy poliklinika va shifokorlik punktlari ochiladi.

Chirchiq, Olmaliq, Angren, Bekobod kabi yirik sanoat korxonalari joylashgan hududlardagi barcha aholi onkologik skriningdan majburiy o‘tkaziladi. Pskom, Chimyon, Yusufxona, Takayong‘oq, Burchimullo, Yakkatut kabi tog‘li hududlarda maxsus tez tibbiy yordam brigadalari, Chorbog‘-Chimyon turistik zonasida shoshilinch yordam bo‘limi va sanitar aviatsiya xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

– Har yili 500 ming ayol uchun manzilli skrining tekshiruvlari tashkil etiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yiliga 800 ming nafar bolalar va 70 ming nafar homilador ayollar turli vitaminlar bilan bepul ta’minlanadi. Viloyat uchun eng og‘riqli masalalardan biri bu tibbiy muassasalarining 40 foizi Toshkent shahrida, qolganlari tuman va shaharlarda tarqoq joylashgani hisoblanadi. Bu masalalarni hal qilish uchun viloyatdagi 14 ta ixtisoslashgan shifoxona Nurafshon shahriga ko‘chirilib, yagona tibbiyot kompleksi va nufuzli xorijiy universitet bilan birga tibbiyot oliygohi tashkil etiladi.

Qayd etilganidek, viloyat markaziga ko‘chirilgan shifoxonalar o‘rnida, ularning filiallari tashkil etiladi. Aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni tumanlarning o‘zida yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun barcha tuman va shahar shifoxonalarida yangi 30 turdagi xirurgiya, 15 turdagi endokrinologiya va 12 turdagi kardiologiya davolash amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi.

Uchrashuvda saylovchilar so‘zga chiqib, nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

 

O‘zA