Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvda ilmiy-innovatsion yondashuv asosida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 barobarga oshirilishi haqida aytib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda yer munosabatlarida yangi davr boshlandi. Yangi tartib asosida viloyatda 14,5 ming gektar paxta va g‘alla hamda samarasiz bog‘-tokzorlar maydonlari qisqartirilib, aholiga 50 sotixgacha uzoq muddatga ijaraga beriladi va 30 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.

– Bu toifadagi maydonlarda mahsulot ishlab chiqarish kooperatsiya asosida tashkil qilinadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Buning uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Muhimi, ishlab chiqarishni tizimli tashkil qilgan holda, hosildorlik paxtada 60-65 sentnerga, g‘allada 80-90 sentnerga yetkaziladi. Viloyatda 30-40 yil davomida ekib kelinayotgan eski g‘o‘za va g‘alla navlari yuqori hosildor hamda erta pishar yangi navlarga almashtiriladi. O‘rta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Piskent tumanlarini kafolatli suv bilan ta’minlash maqsadida, Ohangaron suv ombori sig‘imi 100 million metr kubga oshiriladi.

Tadbirda Toshkent viloyatining ilmiy salohiyatidan to‘g‘ri foydalangan holda, viloyatdagi ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda, har bir klaster qoshida ilmiy markaz tashkil etilishi ta’kidlandi. Bunday klasterlarga ishlab chiqarilgan urug‘likni eksport qilishga ham ruxsat beriladi. Parkent, Qibray, Piskent, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l, Ohangaron, Bo‘stonliq tumanlarida 50 ming gektar bog‘ va tokzorlarning iqtisodiy samarasiz bo‘lgan 60 foizi to‘liq yangilanadi.

Shuningdek, yangi o‘zlashtiriladigan va lalmi yerlar hisobidan ushbu tumanlarda 20 ming gektar maydonda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi. Bog‘dorchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Agrar universitetning “in-vitro” laboratoriyalaridan samarali foydalangan holda, Toshkent, Parkent va Qibray tumanlarida yiliga 5 million dona meva va tok ko‘chatlarini yetishtiruvchi pitomniklar tashkil qilinadi.

 

O‘zA