Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini komissiya raisi Z.Nizomxo‘jayev olib bordi.

Komissiya a’zolari dastlab Saylov uchastkalarida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.

Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi.

Saylov kodeksining 561-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarda, aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish saylovchining turgan joyida o‘tkazilishi mumkin.

– Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini ta’minlash mas’uliyatli jarayonlardan biridir. Bu yilgi saylovda, ayniqsa, koronavirus infeksiyasi tufayli jahonda vujudga kelgan pandemiya sharoitini alohida hisobga olish zarur. Karantinning qat’iy talablari tufayli shahar-qishloqlarimiz o‘rtasida, xorijiy mamlakatlar bilan bordi-keldi so‘nggi paytda biroz susayganidan xabaringiz bor. Endi bu boradagi imkoniyatlar kengaya boshladi.

Bu fuqarolar migratsiyasiga ham ta’sir qilishi, turli sabablarga ko‘ra saylov kuni ayrim saylovchilarning o‘zi yashaydigan saylov uchastkasi hududida bo‘la olmasligi ham tabiiy. Shuningdek, muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatlarining kengayishi saylov kuni fuqarolarning saylov uchastkalarida ovoz berish oldidan to‘planib yoki kutib qolishini, ularning karantin talablariga rioya qilishini osonlashtiradi, – dedi Z.Nizomxo‘jayev.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

Markaziy saylov komissiyasining kotibi Xudoyor Mamatovning qayd etishicha, muddatidan oldin ovoz berish 2021 yil 14 oktyabr kuni boshlanib 2021 yil 20 oktyabrning yakuniga qadar o‘tkaziladi. Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti soat 9:00 dan soat 20:00 ga qadar davom etadi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 20:00ga qadar amalga oshiriladi.

Komissiya a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 65 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSK qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Unga muvofiq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokartik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi, Xalqaro Gaaga konferensiyasi kabi xalqaro tashkilotlardan, shuningdek, Belgiya, Gretsiya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Rossiya, Armaniston, Tojikiston, Ukraina kabi davlatlardan jami 65 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Shunday qilib, shu kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 224 nafarni tashkil etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.

Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bir ovozdan ma’qullandi hamda jami 179 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari 1334 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146 nafarni tashkil etmoqda.

Majlis davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari saylov okruglari raislarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hisobotlari tinglandi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA