Poytaxtimizdagi Kinochilar uyida “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tantanali tadbirda jahonning ko‘plab davlatlaridan tashrif buyurgan kino arboblari, ekran yulduzlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy diplomatik korpus vakillari, san’at muxlislari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov o‘qib eshittirdi.
O‘zbekistonda keyingi to‘rt-besh yil davomida kechayotgan tub ijobiy islohotlar mamlakat nufuzining xalqaro maydonda oshishiga, xalqimiz hayotining yanada obod va farovon bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Bu jihatlar milliy madaniyat va san’atimizni jadal ravnaq toptirish, ijodkor ziyolilarga ehtirom ko‘rsatish, ularning samarali mehnat qilishi uchun zarur barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratishda tobora ko‘proq namoyon bo‘lmoqda.
Qayta tiklangan Toshkent xalqaro kinofestivali nainki kinematografiya, balki sayyohlik, san’at ta’limi, mamlakatga investitsiyalar kirib kelishi, xalqaro hamkorlikda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat uchun” shiori ostida tashkil etilayotgan mazkur xalqaro kinofestival jahon miqyosida ham o‘ziga xos aks-sado berdi.
Xalqaro kinofestivalning dasturi g‘oyat keng va rang-barang ekani mazkur ijodiy loyihaning “Festivallar festivali” sifatida o‘tayotganidan darak bermoqda. “Kino 5 kunda” ijodiy loyihasi, yangi-yangi badiiy, hujjatli filmlar taqdimoti, mahorat saboqlari, anjumanlar, taqdimotlar, kino yulduzlari ishtirokidagi matbuot anjumanlari bilan hamohang bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakatimizning ko‘plab hududlarida yangi-yangi kinoteatrlar qurib, foydalanishga topshirilyapti. O‘n to‘rt xorijiy mamlakatning milliy kino kunlari tomoshabinlarni jahon kinematografiyasidagi eng ilg‘or yo‘nalishdagi an’analar bilan tanishtirmoqda. Shu bilan birga milliy kinematografiyamiz istiqboliga yo‘naltirilgan yangi-yangi hamkorlik hujjatlari imzolanishi, yangi ijodiy loyihalar sari qadam qo‘yilishi boshlanmoqda.
– O‘zbek diyori qadimiy madaniyatga, tarixga, dunyo sivilizatsiyalariga ta’sir ko‘rsatgan teran va mustahkam ildizlariga ega zamindir, – dedi turkiyalik kino aktyor Selim Bayraktar. – Bizning an’analarimiz, qadriyatlarimiz, tariximiz tutashdir. O‘zbekistondek tabarruk yurtda o‘tkazilayotgan shunday xalqaro kinofestivalda ishtirok etayotganim men uchun faxr va sharafdir.
– Toshkent kinofestivali yana kino muxlislarini o‘ziga chorladi, – dedi ozarbayjonlik kino arbob Rufat Gasanov.– Anchadan beri odamlar shunday nufuzli tadbirni juda sog‘inib qolgan edilar. Bu festival qayta tug‘ilganidan nainki o‘zbek xalqi, kino ijodkorlari, balki xorijlik kinochilar ham behad mamnundir. Ushbu festival yangilanayotgan O‘zbekistonda madaniy-ma’rifiy jabhalarda ham islohotlar ortga qaytmas, shiddatli, ham amaliy tus olganini dunyoga namoyish etmoqda.
…Avvallari xalqimiz tilida “Panorama” deb nomlangan san’at koshonasi endilikda Kinochilar uyi sifatida ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. An’anaviy alvon gilamdan biz ekranlarda, kinolarda ko‘rgan qahramonlarimiz – jahon kino yulduzlari o‘tmoqda.
San’at maskanida kuy-qo‘shiq avjida. Sahnada Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirokchi davlatlarning bayroqlari hilpiraydi. Milliy va jahon kinematografiyasining eng nodir namunalari ekranda gavdalanadi.
“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali rasman ochiq, deb e’lon qilindi. Oldinda barchamizni unutilmas taassurotlar kutmoqda.
Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov ishtirok etdi.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri