Buyuk allomalarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini o‘rganish hamda madaniy yodgorliklarni tadqiq qilish borasida faol ishlar amalga oshirilmoqda. Xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan madaniy, ilmiy boyliklarimizni yurtimizga olib kelish borasida ham muayyan ishlar olib borilmoqda.

Yaqinda Malayziyada Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovga mamlakatimiz madaniy merosiga oid tarixiy qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari topshirildi. Bular Abu Rayhon Beruniyning “At-Tafhim” va Abulqosim Firdavsiyning Temuriylar davrida ko‘chirilgan “Shohnoma” asarlaridir. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi xabar berdi.

Mazkur qo‘lyozmalar Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy ekspozitsiyasida namoyish etilishi kutilmoqda.

Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlari va ilmiy kashfiyotlari bilan dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan. Uning 1197 yilda ko‘chirilgan “At-Tafhim” asari jahon ilm-fanida muhim manba sifatida e’tirof etilgan.

Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”si esa XV asrda Temuriylar davri kitobat san’ati an’analari asosida ko‘chirilgan. Asarda Kamoliddin Behzod miniatyura maktabiga xos unsurlar aniqlangan.

Madaniy merosimiz durdonalarining yurtimizga olib kelinishi va ekspozitsiyalarda namoyish etilishi ularni kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

M.Komilova,

O‘zA