Bugun, 10 yanvar kuni Tunisda qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha Gran-pri turniri boshlanmoqda. Dunyoning bir qator yetakchi davlatlari terma jamoalari qatori O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham yilning ilk nufuzli musobaqasida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Xalqaro turnir dasturga ko‘ra, birinchi kun ayollar o‘rtasida dastlabki saralash bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda terma jamoamiz a’zolaridan Nargiza Jaksibayeva, Ayako‘z Jumamuratova, Fernanda Errera, Gulistan Perdibayeva, Samira Shokirova o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi. Terma jamoamizning birinchi raqamli sportchisi Zaynab Dayibekova yuqori reyting pog‘onasida turgani bois bahslarga ertadan to‘g‘ridan to‘g‘ri pley-off bosqichidan kirishadi.
Musobaqalar 12 yanvarga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA